Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Rotatsiya — davlat fuqarolik xizmatchisini egallab turgan lavozimdan teng bo‘lgan boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazish.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilingan davlat organlari va tashkilotlarida quyidagi tartib joriy etiladi:

  • Davlat fuqarolik xizmatchilari majburiy, rejali va rejadan tashqari tartibda rotatsiya qilinadi;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarini rotatsiya qilish bir davlat organi doirasida hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida amalga oshiriladi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisi rotatsiya tartibida lavozimga tayinlanganda tanlov o‘tkazilmaydi;
  • rotatsiya tartibida lavozimga tayinlangan davlat fuqarolik xizmatchilariga ijtimoiy kafolatlar va tegishli kompensatsiyalar belgilanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) davlat fuqarolik xizmatida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari monitoringini olib boradi.

Davlat fuqarolik xizmatchisini rotatsiya qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

  • davlat fuqarolik xizmatchisi shaxsiy va kasbga oid sifatlari, boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • davlat organi faoliyati samaradorligini oshirish, hududlarni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash;
  • rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, davlat fuqarolik xizmatchilari salohiyati va tajribasidan oqilona foydalanish;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlar oldini olish.

Quyidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiya qilinmaydi:

  • tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tayotgan;
  • homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
  • tibbiy xulosaga asosan o‘zlari yoki ular bilan birga yashovchi oila a’zolari sog‘lig‘i holati rotatsiya o‘tkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar;
  • pensiya yoshiga yetishiga uch yil qolganlar.

Inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiyasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organi mas’ul tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarini rotatsiya qilish majburiy, rejali va rejadan tashqari tartibda amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisini majburiy rotatsiya qilish shartlari va muddatlari uning mehnat shartnomasida nazarda tutiladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisini rejadan tashqari tartibda rotatsiya qilish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

  • davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatidan oqilona foydalanish zaruriyati;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy va ishchanlik fazilatlarini rivojlantirish, bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish zaruriyati, ularning turli soha va yo‘nalishlarda bilim va tajribasini oshirish;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining yangi mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik yoki qayta tayyorgarlikdan o‘tganligi;
  • tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining sog‘lig‘i o‘zi ishlab turgan lavozimda ishlash imkonini bermaydigan darajada o‘zgarganligi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy tashabbusi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarini rejadan tashqari tartibda rotatsiya qilish agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Nizom loyihasi muhokamasi 25 noyabrgacha davom etadi.