Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jur’atbek Quvvatov o‘z lavozimidan ozod etish to‘g‘risida ariza berdi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qator kompaniyalarga asos solgan Jur’atbek Quvvatov 18 oktabr kuni viloyat SSB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.

10 noyabrdan kuchga kirgan «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy boshqaruv, ma’muriy xo‘jalik vazifalarini bajarishga cheklovlar qo‘yilgan.

«Yuqoridagi Qonun kuchga kirishi munosabati bilan, Qonunning 19-moddasida ta’kidlangan manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish maqsadida J.Quvvatov egallab turgan lavozimidan (Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i) ozod qilinishini so‘rab ariza bilan murojaat etganligi ma’lum qilinadi.

Jur’atbek Quvvatov haligacha Makro Texnoagro Biznes (100%), Makro Farm Al Sansar (20%), «Andijon» futbol klubi (100%), Makro Farm Academy (100%) va boshqa kompaniyalarning ta’sischisi hisoblanadi.

Unga qadar esa o‘zi ta’sischisi hisoblangan Makro Farm Andijan kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Mazkur kompaniya 2019 yilda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘rtasidagi mojaroda tilga olingan edi.