Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» bog‘ida joylashgan ochiq osmon ostidagi kitob rastalarida ishlayotgan sotuvchilar qatorlar buzilishi mumkinligi haqidagi xabardan xavotirda. Ular O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yozib, unda uzoq vaqtdan beri shaharning tashrif qog‘ozlaridan biriga aylangan poytaxtdagi yagona eski kitoblar bozorini saqlab qolishni so‘rashgan.

Davlat rahbariga murojaat qilishga Mirobod tumani hokimligining kitob qatorlari egallab turgan joyni kimoshdi savdosiga qo‘yish rejasi sabab bo‘ldi. Murojaat paydo bo‘lganidan keyin hokimlik matbuot xizmati xabarida uchastkani K-SAVDO (ko‘chma savdo obyektlarini sotish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha auksion platformasi) orqali sotuvga qo‘yish masalasi tegishli tashkilotlar bilan kelishilgani, biroq hozircha auksionga qo‘yilmaganini ma’lum qildi.

Hokimlik, shuningdek, ma’muriyat mutasaddilari avvalroq sotuvchilarga uchastkani qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish kerakligini tushuntirishganini bildirdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

«Ikki hafta oldin tuman hokimligidan odamlar kelib, bu joy kimoshdi savdosiga qo‘yilishi haqida aytishdi. Bizda bu joyni sotib olishga unchalik pulimiz yo‘q va bizni shunchaki haydab yuborishlaridan qo‘rqamiz», — dedi «Gazeta.uz»ga sotuvchi ayollardan biri.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Qatorlar ishchilarning aytishicha, ularga har yili davlat tomonidan belgilangan ma’lum bir mablag‘ evaziga belgilangan uchastkada savdo qilish imkonini beruvchi dislokatsiya to‘g‘risidagi hujjat berilgan. Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantindan keyin dislokatsiya berish to‘xtatilgan, biroq sotuvchilar soliq to‘lashdan davom etishgan.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Sotuvchilar ishsiz qolishdan qo‘rqishayotganini aytishdi. Bu yerga O‘zbekistonning turli burchaklaridan kitob olish uchun kelishadi. Bu yerda ham yangi, ham eski va uzoq vaqtdan beri nashr etilmagan nodir kitoblarni topish mumkin.

Aksariyat sotuvchilar yillar davomida o‘zlarining doimiy mijozlariga ega bo‘lishgan, ular bu yerdan kerakli kitob va jurnallarni buyurtma qilishadi. Sotuvchilar u yoki bu nashr o‘zlarida bo‘lmasa, xaridorlarga, raqobatchi bo‘lishlariga qaramasdan, boshqa hamkasblari bilan bog‘lanishni maslahat berishadi.

Foto: Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati.

Kunning ikkinchi yarmida kitob do‘koni xodimlari Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov bilan uchrashdi. Ularni tinglab, dushanba kuni shu yerga kelib, bu masalani atroflicha muhokama qilishga va’da berdi.