Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 2023 yil Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili, deb e’lon qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi davomida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

O‘zbekiston yetakchisi sammit ishtirokchilariga mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlagani uchun tashakkur bildirdi.

“Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulug‘ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor. Va men ishonaman, Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda”, — dedi u.

Ko‘hna Samarqand shahridagi sammitimiz esa, turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi. Bugun ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida ifoda etgan Samarqand deklaratsiyasi ham qabul qilinadi", — deya ta’kidladi u.

Fursatdan foydalanib, Shavkat Mirziyoyev barcha hamkasblari nomidan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevga va do‘st Qozog‘iston xalqiga yaqinda bo‘ladigan muhim siyosiy tadbir — prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

“Ishonamizki, donishmand qozoq eli o‘z mamlakatining tinchligi va taraqqiyoti, olib borilayotgan muhim islohotlarning bardavomligi uchun ovoz beradi”, — dedi u.

U so‘zi yakunida tashkilot bosh kotibi sifatida o‘z faoliyatini yakunlayotgan Bag‘dod Amreyev janoblariga ham alohida minnatdorchilik izhor qildi.

“Kelgusi ishlaringizda Sizga yutuq va omad yor bo‘lsin. Yangi bosh kotib, tajribali diplomat Quvanichbek Omuraliyev janoblarini lavozimga kirishayotgani bilan ham chin dildan muborakbod etaman. Sizga mas’uliyatli faoliyatingizda katta zafarlar tilayman”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.