Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish to‘g‘risida qarorni imzoladi.

Qaror jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyati bekor qiladi.

Shuningdek, yuridik shaxslarning moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, soliq organining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi. Ushbu hujjatlar davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan.

2023 yil 1 yanvardan boshlab buxgalteriya hisobi subyektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi.

Kelgusi yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydigan tadbirkorlik subyektlari yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Qarorga ko‘ra, ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga tegishli tovar-moddiy zaxiralar va pul mablag‘lari hamda ish beruvchining xodimlar bilan bog‘liq bo‘lgan ichki xo‘jalik operatsiyalari bo‘yicha texnik vositalar hamda axborot tizimlari yordamida qatnashchilarni identifikatsiyalashni ta’minlagan holda tuzilgan hisob hujjatlari elektron shaklda yuritilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratilishi kerak.

Qolaversa, 2024 yil 1 yanvarga qadar «Arxiv» axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilgan holda tadbirkorlik subyektlarining dasturiy ta’minot vositasida jamlangan hujjatlarini elektron ko‘rinishda qabul qilish, saqlash hamda so‘rovga ko‘ra taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘yiladi.

22 avgust kuni prezident va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi, investor Zafar Hoshimov korxonada elektron shaklga o‘tkazish imkoniyati bo‘lsada, katta hajmdagi qog‘oz hujjatlarni saqlashga to‘g‘ri kelayotgani haqida gapirgan edi.

«Korxonamiz va soliq tizimimiz to‘liq raqamlashtirilgan: hisob-fakturalar, onlayn cheklar va hokazo. Bizning tizimimizda barcha hujjatlarning izi bor, lekin biz ularni chop etishimiz, imzo to‘plashimiz, qutilarga solib, omborga olib borishimiz kerak. Bizning omborimiz 20 foizi ushbu qutilarga to‘lgan. Agar birov qidirsa, hech kim [qog‘oz hujjatlarni] tekshirmaydi, bu hujjatlarda raqamli iz bor. Ammo „eskicha asorat“ bor. Agar bu muammo hal etilsa, [tadbirkorlar uchun] yengillik bo‘lardi», — dedi u.

Qonunchilikka ko‘ra, korxonada qog‘oz shaklida ko‘plab hujjatlar tuzilishi va saqlanishi kerak.

5 yil ichida:

  • tovar-moddiy zaxiralar (inventar va materiallar) va boshqa aktivlar harakati uchun hisob-fakturalar;
  • tovar va materiallarni hisobdan chiqarish dalolatnomalari;
  • asosiy vositalarni (AV) ishga tushirish dalolatnomalari;
  • AVni hisobdan chiqarish aktlari;
  • tovar hisobotlari;
  • tovar-transport varaqalari;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish aktlari;
  • bo‘nak hisobotlari;
  • buxgalteriya hisobi va boshqa birlamchi hujjatlar;

70 yil davomida:

  • ish haqi to‘lash hujjatlari.