O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan to‘qqiz turdagi statistik hisobotlar bekor qilindi. Bu prezidentning 10 noyabrdagi “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz"ga.

Xususan, ular orasida mehnat sharoitlari, xodimlar sonini hisoblangan ish haqi miqdori bo‘yicha taqsimlash, bank, sug‘urta tashkiloti faoliyati, birja faoliyati, kichik qurilish tashkilotlari va mikrofirmalardagi mavjud qurilish mashinalari va mexanizmlari, meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish va umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti xizmatlari to‘g‘risidagi kabi hisobotlar mavjud.

Davlat statistika qo‘mitasiga bekor qilingan hisobotlarda nazarda tutilgan statistik ma’lumotlarni tegishli vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlari asosida statistik dasturlarga muvofiq shakllantirishni ta’minlash topshirildi.

Bundan tashqari, ikki oy muddatda statistik hisobotlarning barcha turlarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ularni topshirish muddatlarini soddalashtirish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 yanvardan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinishi, bundan tashqari, yuridik shaxslar xodimlarining ish haqi va boshqa daromadlari haqidagi arxiv hujjatlarini saqlash va arxivlarga topshirishdan ozod qilinishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham 2023 yilning may oyidan boshlab masofadan hisobvaraq ochishga ruxsat beriladi. Korxonalar elektr energiyasi, gaz va boshqa kommunal xizmatlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.