O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘an va Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga «Turkiy dunyoning oliy ordeni»ni topshirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev ordenni Erdog‘anga topshirarkan, «taqdim etilayotgan yuksak orden turkiy oilamiz jipsligi va ahilligini, uning yanada hamjihatligini kuchaytirish borasidagi xizmatlaringizning amaliy e’tirofi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman», dedi. O‘zbekiston yetakchisining ta’kidlashicha, Erdog‘anning «turkiy davlatlar mustaqilligini mustahkamlash, ularning manfaat va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surish borasidagi jonbozligi tahsinga sazovor»dir.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti «Turkiy dunyoning oliy ordeni»ni Gurbanguli Berdimuhamedovga shaxsan o‘zi topshirayotganidan faxrlanishini bildirdi. «Muhtaram Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zining ko‘p qirrali faoliyati, qimmatli ilmiy-ma’rifiy asarlari bilan keng jamoatchilik e’tiboriga sazovor bo‘lib, ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsayotganini alohida ta’kidlash menga mamnuniyat bag‘ishlaydi», — dedi Mirziyoyev. Berdimuhamedov ordenni «turkman xalqiga berilgan mukofot», deb atadi.

Tadbir davomida marhum atoqli adib Chingiz Aytmatov Turk dunyosi birligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukooft bilan taqdirlangani ma’lum qilindi. Mukofotni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov qabul qilib oldi. «Buyuk adib va jamoat arbobi, ulug‘ gumanist Chingiz Aytmatov barcha xalqlarimizning chin do‘sti, turkiy tarix va madaniyatni butun dunyoga tarannum etgan betakror ijodkor, o‘lmas asarlari orqali azaliy urf-odat va olijanob qadriyatlarimizni jahondagi millionlab insonlar qalbiga muhrlay olgan mutafakkir shaxs edi», — dedi Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, «Turkiy dunyoning oliy ordeni» Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti ishtirokchilariga 2019 yildan beri topshirib kelinadi. Xususan, Boku sammitida Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning qo‘lidan ushbu mukofotni qabul qilib olgan edi.

2021 yilgi sammitda esa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ushbu ordenni Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevga topshirgan edi.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdog‘anga oliy darajali «Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlagan edi.