14:12 da tahrirlandi. Avval boshdanoq O‘zA xabarida, prezident farmoniga ko‘ra, 11 noyabr umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi aytilgandi. Keyinroq esa xabar tahrirlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabrni — “Umumxalq bayrami” sifatida dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida taklif bildirdi. Bu davlat rahbarining kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida qayd etilgan, deb xabar bermoqda O‘zA.

11 noyabr O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida nishonlanadi. Taklif ma’qullansa, mazkur sana keyingi yildan dam olish kuni bo‘ladi.

Barcha dam olinadigan bayram kunlari Mehnat kodeksiga kiritilgan, shu bois, noyabrning 11 sanasi ham kodeksga kiritilgach, amalda qo‘llanilishi mumkin.

Amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq, O‘zbekistonda 9 ta (ishlanmaydigan) bayram sanalari mavjud:

  • 1 yanvar — Yangi yil;
  • 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni;
  • 21 mart — Navro‘z;
  • 9 may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1 sentabr — Mustaqillik kuni;
  • 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8 dekabr — Konstitutsiya kuni;
  • Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.

Avvalroq xabar berganimizdek, Mehnat kodeksining 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradigan yangi tahririga asosan bayram sanasi dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, ishlanmaydigan kun qo‘shib beriladi.