Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolangani yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 11 noyabr kuni sammit yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida Uzreport telekanali muxbiri: «Bugun Shimoliy Kiprning tashkilotga kuzatuvchi davlat sifatida qabul qilinishi haqida alohida qaror qabul qilindimi? Agar shunday bo‘lsa, bu Shimoliy Kiprning mustaqil davlat sifatida tan olishni anglatadimi?», degan mazmunda savol bergan.

Muxbirning savoliga javob berarkan, O‘zbekiston TIV rahbari sammit yakunlari bo‘yicha Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmaganini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va normalariga, ayniqsa, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish masalalarida qat’iy amal qilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Shu munosabat bilan Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas», — dedi Norov.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining eslatishicha, Shimoliy Kipr allaqachon Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarda kuzatuvchi maqomiga ega, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY) faoliyatida ham 30 yildan beri kuzatuvchi sifatida ishtirok etib keladi.

«Kipr turklarining Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi qardosh xalqlar bilan yaqinroq hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi tabiiy jarayondir. Bundan tashqari, bu masalalarning barchasi faqat tashkilotning huquqiy hujjatlari va mamlakatlarimiz qonunchiligi bilan tartibga solinadi», — deya qo‘shimcha qildi Vladimir Norov.

Qayd etish joiz, Turkiy davlat tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida nutq so‘zlarkan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shimoliy Kipr TDTga kuzatuvchi a’zo bo‘lib qo‘shilgani, bu masalada birdamlik irodasini namoyish etgani barchaga minnatdorchilik bildirishini ta’kidlagan edi (video).

Rajab Toyyib Erdog‘an TDT Davlat rahbarlari kengashi sammitida nutq so‘zlamoqda, 2022 yil, 11 noyabr. Foto: TDT matbuot xizmati

«Qardoshlik qonunimiz talablarini bajarib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga kuzatuvchi a’zo bo‘lishga qabul qildik. Turk dunyosining ayrilmas bir parchasi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga hissa qo‘shdik. Bu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz aziz qardoshlarimga alohida minnatdorlik bildiraman», — degandi Erdog‘an.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Twitter’dagi sahifasida Shimoliy Kipr TDTga kuzatuvchi davlat sifatida qabul qilinganini ma’lum qilgan (Anadolu). Erdo‘g‘onning yordamchisi Fuat O‘qtoy ham Shimoliy Kipr tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilgani haqida yozgan (Haberturk).

Ma’lumot uchun, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kipr orolining shimolini egallagan va faqat Turkiya tomonidan tan olingan davlatdir. Turkiya Shimoliy Kiprga o‘z qo‘shinlarini joylashtirgan; Kipr Respublikasi (orolning janubidagi, aholisi asosan yunonlar bo‘lgan davlat) va BMT ushbu qo‘shinlarni okkupatsion kuchlar deb hisoblaydi. O‘zbekiston 1997 yilda Kipr Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.