Samarqandda o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tashkilotning bugungi kundagi roli, turkiy sivilizatsiya tarixiga oid qimmatli dalillarni o‘rganishda hamkorlik qilish hamda tashkilotning Raqamlashtirish markazini tashkil etish borasida gapirdi, deya xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Prezident so‘zi avvalida turkiy mamlakatlarni birlashtirgan aksariyat tashkilotlar — TURKSOY, TurkPA va Turkiy akademiyaning paydo bo‘lishi Qozog‘iston tashabbusi bilan tuzilganinii ta’kidlab o‘tdi. U tashkilot faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali faol targ‘ib qilish haqida gapirar ekan, uning faoliyati bilan hamma ham yaxshi tanish emasligi haqida gapirdi. Bu ishni yetakchi xalqaro agentliklar va mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari ishtirokida amalga oshirish mumkinligini qayd etdi.


«Ayni paytda turkiy hamkorlik g‘oyasi jahon hamjamiyatining e’tiborini tortmoqda. Dunyoning turli burchaklarida turkiy sivilizatsiya tarixiga oid qimmatli dalillar tobora ortib bormoqda. Bu xalqlarimizning umumiy merosidir. Shu bois mavjud tarixiy va lingvistik manbalarni o‘rganish va tizimlashtirishni muhim vazifa, deb bilaman. Ilmiy muassasalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz, ularning tadqiqot natijalarini jahon hamjamiyatiga yanada kengroq taqdim etishimiz zarur», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Shuningdek, Qozog‘iston rahbari Astana Hub xalqaro texnoparki negizida Turkiy davlatlar tashkilotining Raqamlashtirish markazini tashkil etishni taklif qildi.

«Ushbu tuzilma savdo, transport, suv resurslaridan foydalanish, axborot xavfsizligi va boshqa muhim tarmoqlar uchun juda zarur bo‘lgan raqamli yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Tashabbusni samarali amalga oshirish uchun muhim startap loyihalarga sarmoya jalb etadigan Turkiy mamlakatlar venchur fondini tashkil etishni taklif qilaman», — dedi mamlakat rahbari.


Qasim-Jomart Toqayev Turkiy tillar universitetlari ittifoqi shafeligida o‘tkaziladigan II Turkiy universiada 2023 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Tashkilotimiz faoliyati faqat diplomatik sammitlar va yakuniy hujjatlar imzolanadigan uchrashuvlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. TDT turkiy dunyoni birlashtiruvchi va yaqinlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanishi kerak, deb hisoblayman. Biz barcha chorlov va tahdidlarga birgalikda qarshi turish uchun birdamlik ko‘rsatishimiz, qudratli va nufuzli kuchga aylanishimiz kerak», — dedi Qozog‘iston prezidenti.