Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish va targ‘ib qilish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Adliya vazirligi Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Ta’kidlanishicha, tahlillar so‘ngi yillarda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda bunday o‘yinlarda ishtirok etish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklar soni ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Qimor o‘yinlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2019 yilda 1 454 ta bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 2 864 ta, 2021 yilda 3 372 ta va 2022 yilning 6 oyida 2 325 tani tashkil etdi.

Ushbu o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta bo‘lgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta va 2022 yilning 6 oyida 90 tani tashkil etdi.

«Xususan, onlayn qimor o‘yinlarining aholi orasida keng ommalashib borayotganligi fuqarolarda mazkur o‘yinlarga nisbatan qaramlik vujudga kelishi, firibgarlik jinoyatlarini sodir etilishi va o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Mazkur qonun bilan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda», — deyiladi loyiha matnida.

Shuningdek, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston hududiga olib kirish, uni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish hamda tarqatish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Loyiha bilan quyidagilar taklif qilinmoqda:

  • 278-moddaning nomi «Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish hamda ularni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish» deb o‘zgartirish.
  • moddaning to‘rtinchi qismning dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etish:

«Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish, o‘tkazish yoki ularda ishtirok etish uchun telekommunikatsiya tarmoqlari yoxud Internet jahon axborot tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, -«;

  • Quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qismlar bilan to‘ldirish:

«Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —

uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Qonun loyihasining muhokamasi 25 noyabrgacha davom etadi.