O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Professional futbol maktablari ligasi (PFML)da kelishilgan o‘yin uyushtirib, unda qatnashgan murabbiylar 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati 9 noyabr kuni ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 17 oktabr kuni Professional futbol maktablari ligasining 2006 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari (U-16) o‘rtasidagi musobaqasi «B» guruhi so‘nggi 7-turi oldidan Andijon, Navoiy, Buxoro va Namangan futbol mahorati maktab (FMM)larining jamoalari keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shu bois so‘nggi turdagi Navoiy FMM — Andijon FMM va Buxoro FMM — Namangan FMM o‘yinlari bir vaqtda boshlangan (o‘yin davomiyligi 70 daqiqa, bir taym 35 daqiqadan).

Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvi asosiy vaqti tugashiga bir daqiqa qolganida navoiyliklar gol urib, o‘yinni 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlagan. Ayni vaqtda, Buxoro FMM — Namangan FMM uchrashuvining 70-daqiqasiga qadar namanganliklar 2:1 hisobida oldinda borayotan bo‘lgan.

O‘FA matbuot xizmatining qayd etishicha, Buxoro FMM jamoasi bosh hakam tomonidan qo‘shib berilgan 4 daqiqa ichida — 70+2 va 70+4-daqiqalarda Namangan FMM jamoasi darvozasini «shubhali tarzda» ishg‘ol qilgan. «Eng achinarlisi, Namangan FMM va Buxoro FMM jamoalari futbolchilari gollardan so‘ng bir-birini ochiqchasiga tabriklagan», — deyiladi assotsiatsiya axborotida.

Bundan tashqari, Namangan FMM bosh murabbiyi tomonidan o‘yinning 70+3-daqiqasida uchta himoyachi almashtirilib, ularning barchasi hamda darvozabon Buxoro FMM futbolchilariga qarshilik ko‘rsatmasdan, atayin gol o‘tkazib yuborgan. Natijada Buxoro FMM jamoasi uchrashuvda 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, «B» guruhidan 2-o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

«Mazkur uchrashuv bosh hakami Ruslan Samandarovning hamda boshqa yordamchi hakamlarning bildirishnomalarida uchrashuv davomida har ikkala jamoa futbolchilari va murabbiylari kelishganliklari bayon qilingan», — deya ta’kidlanadi O‘FA axborotida.

Shu munosabat bilan, Professional futbol maktablari ligasi Tashkiliy qo‘mitasining 19 oktabrdagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, Namangan FMM va Buxoro FMMlarning 2006 yilda tug‘ilgan jamoalari «sport prinsiplariga xos bo‘lmagan kelishilgan o‘yinda qatnashganliklari sababli» ularning 7-turdagi natijasi bekor qilingan va har ikkala jamoa musobaqadan chetlatilgan.

Shuningdek, O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga muvofiq, Buxoro FMM U-16 jamoa bosh murabbiyi A.Sharipov va Namangan FMM U-16 jamoasi bosh murabbiyi Q.Mamajonov O‘FA Intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan «o‘zaro uchrashuvda o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuv uyushtirganliklari va qatnashganliklari uchun» 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgan.

Munosabatlar

O‘FAning o‘zi ushbu holatga shunday munosabat bildirgan: «Afsuski, bolalar futboliga shunga o‘xshash ko‘ngilsiz vaziyatlar uchrab turishi futbolimiz mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha mas’ul shaxslarni musobaqalarda sport prinsiplarini hurmat qilishga chaqiradi va shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi».

O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev «o‘smirlar futboli shunday bulg‘anayotgan bo‘lsa, bu noinsoflar futbolga qaytib kelmasa ham mayli», deya fikr bildirgan. Uning ta’kidlashicha, «viloyat jamoasini sharmanda qilish katta xato. Vatan ostonadan boshlanadi. Yosh futbolchi to terma jamoa darajasiga yetguniga qadar, u to‘p surayotgan viloyat jamoasi shu futbolchi uchun bosh jamoa hisoblanadi».

«Futbol o‘zgaryapti, yaxshilanyapti. Va tan olishimiz kerakki, kamayib borayotgan bo‘lsa-da, kalamushlar hali ham bor. Haromdan qo‘rqmayotgan bundaylarni vaqti kelib xalq faktlari bilan tanib oladi deb umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan O‘zPFL rahbari.