Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha 10 dan ortiq ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi, deya ma’lum qildi yakuniy brifingda tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov.

Jumladan, «Turkiy nigoh — 2040» konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi qabul qilindi. «Bu hujjatning amalga oshirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi», — dedi Vladimir Norov.

Shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida Savdoni yengillashtirish strategiyasi tasdiqlandi va Soddalashtirilgan bojxona koridorlari tizimini shakllantirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

«Turkiy investitsiya fondini qisqa muddatlarda tashkil etish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga xos bir yutuq bo‘ldi deb hech shubhasiz ayta olamiz. Bu Tashkilot mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli loyiha bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda va real sektorlarda hamkorlikni rivojlantirishda umumiy kuchli siyosiy-huquqiy irodani namoyon etdi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston TIV rahbari.

Bundan tashqari, sammit doirasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadigan Xalqaro aralash yuk tashishlar to‘g‘risidagi bitim hamda Transport bog‘liqligi dasturi imzolandi.

Tashkilot faoliyatini takomillashtirish, uning institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Naxichevan bitimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Protokol va Tashkilotning yangi tahrirdagi ichki qoidalari qabul kilindi.

«Ular Tashkilotimiz faoliyatida tenglik, o‘zaro hurmat va barcha qarorlarni konsensus asosda qabul qilish kabi hamkorlikning asosiy qadriyatlariga sodiqlikni tasdiqlaydi», — deya qayd etdi Vladimir Norov.