O‘zbekistonda tijorat banklari masofadan turib yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishi mumkin bo‘ladi. Bu xaqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari mamlakat rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruhsat beriladi.

Xuddi shu kundan boshlab, yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

1 yanvardan boshlab nodavlat arxivlarni davlat va nodavlat arxivlari reyestriga kiritish hamda hujjatlarni elektron arxivlash (saqlash) xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat arxivlarning ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabi xabardor qilish tartibini joriy etish orqali bekor qilinadi.

Spot nashrining yozishicha, Markaziy bank bank depozitlarini ochish imkoniyatini 2018 yilning yanvaridayoq taqdim etgan, biroq mijoz kamida bir marta bankka tashrif buyurishi kerak bo‘ladi. O‘sha yilning kuzida MB bank tomonidan tadbirkorlarga masofaviy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zgartishlar paketini qabul qildi.

To‘liq masofaviy xizmatga o‘tish uchun mijozni raqamli identifikatsiya qilish tartibini belgilash kerak bo‘lar edi. Regulyator ushbu tartibni 2021 yil oktabr oyida tasdiqlagan bo‘lib — o‘sha paytdan boshlab bank xizmatlarini uning mijozi bo‘lmagan holda ham masofadan turib olish mumkin bo‘ldi, deydi nashr.

Avvalroq, yuridik shaxslar jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarni, shuningdek, moliyaviy, soliq va statistik hisobotlarni saqlash va arxivga topshirish majburiyatidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi. O‘zgartirish 2022 yil 1 yanvar va undan keyin chiqarilgan hujjatlarga ta’sir qiladi.