Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o‘yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko‘rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi.

«Zakovat» klubi a’zosi Saodat Umarova ko‘pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari Bobur Yoqubov, Furqat Qurbonov, Aziza Ibragimova, Jobir Ahmedov, Umid Valiyev va Xushnudbek Xudoyberdiyevlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Bilimdonlar teleo‘yinga qanday kirib kelganligi, «Zakovat»ni nega tark etmasliklari va klubga yangi avlodni jalb qilish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishishdi.

«Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning navbatdagi sonida «Gazeta.uz» klub bilimdoni, turizm va madaniy meros vaziri maslahatchisi, tarjimon Temur Mirzayev bilan suhbatni taqdim etadi.

— Suhbatni asosiy sohangiz — turizm va «Zakovat» teleo‘yinidagi ishtirokingizdan boshlasak. Ikkisi bir-birini to‘ldiradimi yoki aksincha? Yana bir savol: yurtimizda turizmni rivojlantirishda ilm, zakovatning o‘rni qanchalik muhim?

Temur Mirzayev. Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi.

— Eng avval qo‘shimcha savolingizga javob bersam. Adabiyot va ilmiy asarlarning deyarli bari mualliflarning sayohati o‘laroq to‘plangan bilimlar hosilasi. Gerodotning «Tarix», Homerning «Iliada va Odisseya»si, Imom al-Buxoriyning hadislar to‘plami, Beruniyning «Hindiston» asari, Amir Temurning «Tuzuklar»i, Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun»i, Ibn Batuta va Marko Polo sarguzashtlari, Darvin va Nyuton kashfiyotlari — hammasida jahongashtalik ustun. Insoniyat madaniyati, ilm-fani qiyoslash va kuzatuv sabab rivojlanadi. Turizm yo‘nalishida ham ilmsiz arzirli natija ko‘rsatolmaysiz. Ayniqsa, bugun.

«Zakovat» klubida o‘rganganlarim, serbahs o‘yinlar albatta ish samaradorligimga ham ta’sir qiladi. Xorij madaniyati, adabiyoti, kinosi va tili bilan bog‘liq yangiliklarni muntazam kuzataman, ularni har ikki tomonda ham qo‘llashga harakat qilaman. 2005 yili chet elga birinchi safarim payti Malayziya tamaddixonalaridagi jo‘mrakdan nega sariq suv kelishi haqida teleo‘yinga savol yo‘llagandim. O‘shandan beri «Zakovat» va sayohat men uchun egiz tushunchaga aylangan.

— To‘rt tilda erkin suhbatlasha olasiz. Poliglotlik hayotda qanday yangi imkoniyatlarni berdi, qaysi eshiklarni ochdi?

— Xorijiy tilni bilish deganda unda gapirish nazarda tutiladi. Ammo til bilish — o‘qish, so‘zlash va tinglash orqali qo‘shimcha manbadan bilim orttirishda kerak.
Ingliz, rus va indonez tillarini bilishim 10 foiz hollarda muloqot uchun zarur bo‘lsa, 90 foizi dunyo yangiliklari, kitob o‘qish, do‘stlar orttirishda asqatgan. Qiyoslash mumkin bo‘lsa, odam ongi hovuzga o‘xsharkan. Unga bir yoki bir necha ariqdan suv kirib turadi. Navbati kelsa, o‘sha hovuz boshqalariga ham suv quyadi. Qanday hovuzning suvi hidlanmay, aynimay, balchiqqa to‘lmay turadi? Albatta, turli va toza ariqdan suvga to‘yinsa. Xorijiy tilni bilish esa bir necha ariqdan, turli ta’mdagi suv kiradigan hovuzga o‘xshaydi.

Chet tilini o‘rganish-o‘zlashtirishda ona tilining ahamiyati beqiyos. Fikrlash va so‘zlashish poydevori shu tilda mujassam. Menga qolsa, o‘zbek tilini «buvi tilim» deb atagan bo‘lardim. Baxtimga buvimning umrlari uzoq bo‘lsin. Hozir ham ulardan maqol aytish, bolalik davridagi voqealarni eslab qolib, tasvirlab berishda mashhur ertaknavislar dars olsa arziydi. Qishloqqa borsam, buvimdan yangi so‘z, ibora, maqol o‘rganib qaytaman. Diktofonga yozib olaman.


Temur Mirzayevning buvisi Samarqandda. Foto: Temur Mirzayevning shaxsiy arxividan.

Rus tilini esa onamdan o‘rganganman. Farg‘ona tumanidagi 7-o‘rta maktabda rus tili darslari soati oz edi. Ayam pochtada, ruslar orasida ishlagani uchun menga bu tilni uyda o‘rgatardilar. Maktabdagi ustozlar ham qo‘shimcha mutolaa uchun vazifa berishardi. Bir necha marta bizdan yuqori sinflar darsiga olib kirib, darslikdagi hikoyalarni tarjima qilishimni so‘rab, kattalarni izza qilishgani esimda. Bu ishimdan o‘zim uyalganman, lekin ustozlarning ishonchi sabab o‘yinqaroq paytimda tilga e’tiborliroq bo‘lganimni tushunib yetyapman.

Litsey davrida ingliz tilini o‘rgandim. Keyin Sharqshunoslik universitetiga kirdim, indonez tili bilan tanishdim, chet elda o‘qidim. «Til Jakartagacha eltadi» degani shu bo‘lsa kerak.

Poliglotlik turizm gidligiga, gidlik esa 7 yil avval «O‘zbekturizm» milliy agentligiga yetakladi.

Indonez tilini bilish — 300 millionlik turizm bozoriga, rus tilini bilish — 400 million, ingliz tilini bilish esa — 2 milliard aholi so‘zlashadigan turizm bozoriga yo‘l ochdi.

Qolgan tillar bilan bog‘liq sarguzashtlarimni Instagram va Facebook’ka doim joylab boraman.

— Bir yashar paytingiz ota-onangiz bilan Moskva sayohatida olingan suratni Facebook’dagi sahifangizga joylashtirgandingiz. Shu kungacha siz sayohat qilgan va kutilmagan yangiliklarga boy bo‘lgan mamlakat haqida gaplashsak…

— O‘sha suratda ayam va talaba dadam meni qo‘llarida ko‘tarib Sovet davridagi eng asosiy turizm selfi maydonida bir yoshimni tarixga muhrlashgan. Ayamning aytishicha, tug‘ilgan kunimni Moskvada nishonlagan, ilk qadamlarimni ham shu yerda tashlagan ekanman. Shungami, safarga otlansam, «Sen bola Moskva sabab sayoq (sayyoh o‘qilsin) bo‘lding!», deb hazillashadilar.


Temur Mirzayev ota-onasi bilan Moskvada. 1987 yil. Foto: Temur Mirzayevning shaxsiy arxividan.

Har bir shahar o‘zicha go‘zal. Bari sayyoh nima izlashi va qiziqishiga bog‘liq. Masalan, Boburiylar davri, taomlari va o‘sha zamon kiyim-kechagini ko‘rmoqchi bo‘lganlar Pokistonning Lahor shahrini, Renessans me’morchiligiga qiziqqanlar Venetsiya, antik davrni suyganlar Rimni, tartib va tozalikni xush ko‘radiganlar Bryussel, mazali ovqat, dengiz havosiga to‘ymoqchi bo‘lganlar Istanbulni tanlaydi, yangi g‘oyalar qidiradigan odam esa Tokioni hech joyga alishmaydi.

— O‘zbek adabiyotidan namunalarni indonez tiliga tarjima qilgansiz. Tarjima eng mushkul va zahmatli ish. Asar mohiyatini anglash oson emas. Dunyoqarash, tafakkur karrasiga ko‘p bo‘lishi shart. O‘zbek xalqi ruhiyatini indonez xalqiga badiiy asar tarjimasi orqali yetkazib berish qanday kechdi?

— Hozir qilgan ishlarimni eslab, goh hayron qolaman, goh kulaman. Vaqt o‘tgani sari so‘z boyligi ortadi, tilni ma’noviy emas, mazmunan tushuna borasiz. Bir paytlar mohirlikdek ko‘ringan ishlar o‘ta jo‘n bo‘lib chiqadi.

Ayniqsa, badiiy asarni ikki tarjimonsiz o‘girmaslik kerak. Asar tarjimasida oltin qoidani keyinroq tushunib yetdim: «Kitobni asl tildan xorijiyga faqat xorijiy tildagi adib yoki shoir tarjima qilishi yoki yakuniy tahrirni ko‘rishi kerak».

Ko‘pgina yosh olimlar, tarjimonlar Hazrat Navoiy va boshqa adiblarimizning asarlarini o‘girib, chop etganlarini eshitaman, ammo xorijda biror samimiy e’tirof quloqqa chalinmaydi, adabiy targ‘ibotga zarracha ta’sir qilganini ko‘rmaymiz. Unday loyihalarga sarflanayotgan grant mablag‘lari havoga sovurilyapti, xolos.

Aksincha, Mark Rizzning «O‘tkan kunlar», Kristofer Fortning «Kecha va Kunduz», Endryu Stanilandning Navoiy g‘azallarini o‘girib, nashr etganlari haqiqiy professional loyiha va xorijiy o‘quvchining yurak torlarini cherta oladi deya olaman.

Shu bois, o‘zim bugun faqat ilmiy, siyosiy va targ‘ibot materiallarini tarjima qilishim mumkin. Mabodo asar tarjimasiga kirishsam, avval kuchli ijodkorlarni topib, so‘ng ish boshlayman.

— «Zakovat» o‘yinlarida o‘zingizni ajoyib bilimdon sifatida namoyon etgansiz, ammo sardorlikka negadir da’vo qilmaysiz. Shu ampluada o‘zingizni sinab ko‘rishni istamaysizmi yoki jamoadagi hozirgi maqomingiz ma’qulroqmi?

— Shu vaqtgacha o‘rtacha o‘yinchi hisoblanganman va ayni paytda klubdagi eng kuchli jamoaning eng kuchsiz a’zosiman. Bilimini tinimsiz oshiradigan kuchli bilimdonlarga tenglashish qiyin.

2015 yildan beri «Zakovat» trening va teleo‘yinlaridan ko‘p marta qolib ketishimga to‘g‘ri kelgan. Bor kuch va vaqtni turizm sohasidagi loyihalarimiz olib qo‘yadi. Chekka hududlarimizga borgan, xorijdagi diplomatlarimiz bilan uchrashganda meni turizm vazirligi xodimi emas, zakovatchi deb tanishadi ko‘proq. 2021 yili «Zakovat»ning qayta «tug‘ilgan»i va klubda raqobatning oshib ketgani mashg‘ulotlarga ko‘proq vaqt ajratishga undayapti endi. Bir sirni aytsam, aprel-may oylarida maoshim bilan «Zakovat» turnirlarida yutgan yutuq puli deyarli teng bo‘libdi.


«Zakovat» turnirida. 2021 yil. Foto: Temur Mirzayevning shaxsiy arxividan.

— Temur aka, ijodkor, shoirtabiat insonsiz. Davlat xizmatidagi xodimga bu xususiyatlar xalal bermaydimi? Tan olaylik, atrofingizda buyruq beruvchi va vazifalarni bajaruvchilar ko‘p. O‘zingizdek kasbdoshlar kam bo‘lishi mumkin. Muvozanatni qanday ushlaysiz?

— Shanba va yakshanba kunlari biror jiddiy topshiriq bo‘lsa, mashqlarga yoki tasvirga olish jarayoniga borolmasligim mumkin. 2016 yili rahmatli shoirimiz Erkin Vohidov bilan ijodiy hamkorlikka qarshilik qilishgani esimda. Afsus, sal tajribam ko‘proq, ijod naqadar muhimligini o‘shanda anglab yetganimda, vaqtimni ishdagi qog‘ozbozlikka emas, ijodga bag‘ishlagan bo‘larmidim…

Bugun vaziyat umuman boshqacha. Ishxonada ijodkorning ham, xat-hujjat yurituvchining ham o‘z o‘rni, muhiti shakllangan. Muvozanat baravar ushlanadi. Vazirlikdagi vazifam — turli yo‘nalishlar (ta’lim, marketing, reklama, hududlar rivojlanishi, startap loyihalar va chet ellik hamkorlar bilan ijtimoiy loyihalar) bo‘yicha maslahatchi sifatida takliflar ishlab chiqish, ekspertlar bilan mavjud masalalarni chuqur o‘rganishdan iborat va rahbariyat ham kerakli sharoitni yaratib bergan.

— Kuzatishimcha, «Zakovat» teleo‘yinlaridagi faollik ko‘pincha kayfiyat va ruhiy tayyorgarlikka bog‘liq. Taniqli jurnalist Boris Burda o‘yindan avval sovuq suvda yaxshilab cho‘milishni tavsiya qiladi. Siz o‘yinga qanday hozirlanasiz?

— Klubimizga Rossiyaning juda ko‘p bilimdonlari kelgan, biroq Boris Burdachalik yoshlar bilan bafurja o‘tirib, dildan suhbatlashgani esimda yo‘q. Uning ekran o‘yiniga tayyorlanish bo‘yicha yana bir maslahati esimga tushdi: «O‘yindan oldin qorin o‘ta och qolishi ham, to‘yib ovqatlanish ham zarar. Ikki holatda ham miyangiz qorin bilan band bo‘lib qoladi. O‘zim ekran o‘yinlari, katta turnirlardan oldin faqat nonushta qilaman, kun bo‘yi sal ochroq yurishga, faqat suv ichishga harakat qilaman. O‘yindan bir kun avval sovuqda yurmaslik, sovuq narsa ichmaslik kerak, shamollash ham diqqatni jamlashga xalal beradi. O‘yin o‘tkaziladigan kuni biroz piyoda yurish va bo‘lajak sinov haqida umuman o‘ylamaslik kerak».

O‘zimga kelsak, doim xotirjam bo‘lishga, natijaga u qadar urg‘u bermaslikka harakat qilaman. Ko‘p jamoa bilimdonlari avval mag‘lub bo‘lib, keyin o‘yin stoliga o‘tiradi.

— Temur aka, sizni noyob kitoblar yig‘uvchi (kolleksioner) deb atasak ham bo‘ladi. To‘plamingizda siz uchun eng qadrli kitob va u bilan bog‘liq xotiralaringiz ko‘pdir?

— Savollaringiz odamni o‘zini o‘zi maqtashiga undaydi-ya! Nazarimda, kishi ishlari bilan maqtangani ma’qul, bilimi bilan emas.

Xo‘sh, kitob yig‘ishga kelsak, bundaylarni bukinist va bibliofil deb atashadi. Biri kitobni, boshqasi o‘qishni yaxshi ko‘radi. Farqi bor-a?

Bukinist paytim kitob yig‘ish asosiy mashg‘ulotim edi, ammo puli yo‘q bukinist nima ham qila olardi… Eski buyumlar bozoridan, kitob do‘konlaridan uzoq yillar avval chiqqan, hozir bosilmaydigan asarlarni qidirardim. Kitob bozori bugungidek rivojlanmagan, yaxshi kitoblar faqat Sovet davrida chop etilgan holicha qolgandi. Farg‘onada litseyda o‘qiyotganimda Pelikan degan eski buyumlar bozorida, «babushka»lar sotadigan eski-tuskilar orasida izg‘irdim. Toshkentga kelgach, eski Tezikovka bozori borligini bilib, dam olish kunlari shu yerda kezadigan bo‘ldim.

«Zakovat» klubiga kelganimdan keyin boshlovchi Rasul aka Abdullayev talabalarga mashq va turli intellektual o‘yinlardan keyin toshi og‘ir asarlarni o‘qishni tavsiya qilardi.

Fyodor Dostoyevskiy, Anton Chexov, Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor Rasul akaning dastlabki topshirig‘i bo‘lgan. 1 kursimda olgan 15 ming so‘m stipendiyamga Fyodor Dostoyevskiyning 10 tomligini sotib olgandim. Shu orqali «Telba», «Jinoyat va jazo», «Xo‘rlanganlar» asarlari bilan tanishdim.


Bir kuni qo‘qonlik kuchli bilimdon Nozim Raimqulov bilan «Zakovat» mashqlaridan keyin «Beruniy» metrosi atrofidagi haligacha ishlaydigan eski kitob do‘konidan olgan topilmalarni varaqlab metroda qaytayotgandik. Nozimbek mendan: «Siz bukinistmisiz yoki bibliofil?» deb so‘radi. Ikkovining prinsipial farqlari haqida bahslashib ketdik. Shundan keyin o‘qimaydigan kitoblarimni olishni yig‘ishtirdim.

Endi faqat va faqat o‘qiydigan, o‘qigach aqlan, ma’nan, balki moliyaviy boyitadigan, kuchliroq shaxsga aylantiradigan kitoblarnigina oladigan bo‘ldim. Bibliofilga aylanish bosqichiga navbat yetayotgandi. Turizm vazirligida ishlash esa chet eldagi kitob do‘konlaridan eng so‘nggi bestsellerlarni olib kelishga imkon yaratdi.

— «Zakovat» teleo‘yini tarixidagi siz uchun eng qiziq va noodatiy tuyulgan savolni eslay olasizmi?

— Eng yaxshi savol tilshunos uchun albatta so‘zlarning kelib chiqishi, folklor haqidagilari bo‘ladi.

Haligacha eslaydigan savolim — bu «aylanay» so‘zi haqida. O‘zbek ayollari o‘zlari suygan, yaqin odamiga nisbatan «Aylanay, aylanib ketay, o‘zim o‘rgilay» deyishadi. Shu iborada obyekt sifatida nimaga ishora qilinadi, degan savol Bobur Yoqubov jamoasiga berilgandi. Jamoa muhokama so‘nggigacha to‘ydagi olov atrofida aylanishga, Zardushtiylikka bog‘liq variantda qolgandi. Oxirgi soniyalarda jamoaga yangi qo‘shilgan sharqshunos Jasur Sultonov aytgan variantga e’tibor qilishmagandi. Javobdan lol qolganman. Qisqacha ma’nosi shunday edi: musulmonlar uchun Ka’ba atrofida aylanish muqaddas odat sanalgani uchun eng suygan odamlarini ham Ka’baga qiyoslab «aylanay», «o‘rgilay» deb erkalashar ekan.

— So‘nggi savol o‘rnida Saidkamol Abdurazzakov intervyumizda omonat qoldirgan savolni sizga yetkazmoqchimiz: «Temur, qachon qiziq voqealar jamlangan kitobni yozasiz?»

— Kitob yozish — bu katta vakolat va favqulodda iste’dodlining ishi. Aleksandr Dyuma aytganidek, «yozmoqchi bo‘lgan kitobingizni kamida bir million kitobxon o‘qishiga arziydi, deb bilsangiz, yozing, agar bo‘lajak kitobingiz bu mezonga javob bermasa, uni boshlamay qo‘ya qoling». Bu kitob sifati va unda aytadigan gapingiz salmog‘iga qo‘yiladigan ulkan talab.

Saidkamol aka savoliga javobim — katta fikrlarni yoza oladigan kishiga aylanganda, albatta, kitob yozamiz.
Hozircha yurtimizning ikki buyuk, ammo e’tibordan chetda qolayotgan o‘g‘lonlari Pahlavon Mahmud va Ali Qushchi hayoti, ijodi haqidagi hujjatli filmlarga material yig‘ishga kirishganman.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Chernobil atom stansiyasi portlagan, shunga sal fe’lim «portlovchan» bo‘lsa kerak.

— Tug‘ilgan joyingizga qisqacha ta’rif bering.

— Qishlog‘im Gulshan, internetni endi o‘rganib, ilk ochgan elektron manzilim — gulshaniy_7@rambler.ru edi. Bu qishloq Shohimardon soyidan suv ichadi, baland tog‘ etagida joylashgan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara simlari bilan ikkiga bo‘linib qolgan so‘lim bir joy. So‘fiy shoir Xo‘janazar Huvaydo maqbarasiga, Chimyon qishlog‘iga qo‘shni. Termiziylarga borib taqaladigan Qovunchi ota nomli asosiy ziyoratgohi bilan tanilgan.


«Qovunchi ota» ziyoratgohi. Foto: Temur Mirzayev shaxsiy arxividan.

— O‘zingizni qaysi adabiy qahramonga o‘xshatasiz?

— Avval Roskolnikovga o‘xshatardim, hozir esa Miln ertagidagi Vinni Puh menimcha, eng yaqinim, ichim.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

-Jeki Chan. Bunday kamtar va serharakat ijodkorga savollarim ko‘p.

— Qaysi bilimdon bilan bir jamoada o‘ynashni niyat qilgansiz, ammo hech qachon birga o‘ynash imkoni bo‘lmagan?

— 2004 yildan beri Bobur Yoqubov bilan bir jamoada o‘ynamagan ekanman. Kelajakda ham o‘ynash niyatim yo‘q (hazil).

— Zakovat klubi tarixida o‘yin uslubi sizga yoqqan eng yaxshi bilimdon kim?

— Shubhasiz, Murod Hamroyev.

— Keyingi intervyumizda Rustam Jabborov bilan suhbatlashamiz. Nomzodimizga savol berish imkonini bermoqchisiz sizga.

— Rustam aka adabiyot, kino, tarjima, jurnalistika sohalarida birdek kuchli ijod qiladi, yuzlab asar, kinolar tarjimasiga ulguradi. Rustam aka, vaqtni barakali o‘tkazishning siri nimada?

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz?

O‘ltirmoq el ichra yuqoriroqdin,

O‘ltirmoq el ichra yuqoriroq, bil!

Alisher Navoiy.