10 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasidagi uchrashuv Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlikni kengaytirish va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.


Faol ishbilarmonlik aloqalari, jumladan, shu kunlarda ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida o‘tkazilayotgan qo‘shma biznes forum samarali natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sanoat, kimyo tarmog‘i, farmatsevtika, bank-moliya, transport va logistika sohalarida, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mexanizmlar yaratish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi.


Gumanitar almashinuv dasturlarini, eng avvalo, ta’lim, madaniyat va kinematografiya sohalarida faol davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev O‘zbekiston yetakchisining Vengriyaga oktabrdagi tashrifi yakunida jami 1 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l haritasi qabul qilinganini aytgandi.