Xalq ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoq orqali maktab o‘qituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ilayotgani haqida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi. Bu haqda oldinroq bloger Nikita Makarenko yozgan edi.

Hukumatning 2017 yildagi 140-son qaroriga muvofiq, maktab rahbariyati o‘z maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

«Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yo‘q. So‘nggi 2 yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

«Joylardagi ayrim rahbarlarning „tashabbusi“ bilan mikrohudud bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish jarayoniga pedagog-xodimlarni jalb qilish va ularni faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz», — deyiladi XTV munosabatida.

Prezidentning 2018 yildagi [PQ-3907-son] qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish hamda xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlangan.

Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlari va pedagog xodimlariga ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb etish qat’iyan ta’qiqlangani, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda vazirlikning 71−202−09−09 ishonch telefoniga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.

Nikita Makarenko O‘zbekistonning turli viloyatlarida ishlovchi 30 ga yaqin o‘qituvchilarning ko‘p yillardan buyon uyma-uy, xonadon yurib, bolalar haqida ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanayotgani aks etgan sharhlarini e’lon qildi.

«Bularning barchasi, o‘qituvchilarning ko‘rsatmasiga ko‘ra, maktab direktorlari va tuman xalq ta’limi bo‘limlarining sirtdan berilgan buyruqlari asosida sodir bo‘lyapti. Bu holatda Xalq ta’limi vazirligi befarq. Ehtimol vvzirlik muammodan xabardor va ommaviy bayonotlarga qaramay zamonaviy qullikning ushbu shakliga samarali barham berish qo‘lidan kelmaydi», — deb yozadi bloger.