Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Tanzila Narbayeva olib bordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Kengash a’zolari dastlab «Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar ijrosini nazorat qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi masalani muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 25 oktabrdagi «2022−2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, respublika bo‘yicha 5 284 ta mahalladagi 6 mingdan ortiq obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 2022 yilda ushbu maqsadlar uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Majlisda har bir hudud bo‘yicha ishlab chiqilgan 2022−2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini tasdiqlash hamda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

«Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi soni 35,5 milliondan oshdi, jami mahallalar soni 9 370 taga teng, mazkur vazifalarni amalga oshirish orqali o‘rta hisobda 20 mln aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Belgilangan vazifalar ko‘lami nechog‘lik keng va dolzarb ahamiyatli ekanligini ayni shu raqamlardan ham bilish mumkin. Bu o‘z navbatida senatorlarning bevosita mahallalarda, odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib borishi lozimligini ko‘rsatadi. Bu borada mahalliy Kengashlar va jamoatchilik bilan faol hamkorlikda ish olib boramiz. Aholining fikriga, takliflariga quloq tutamiz. Chunki fuqarolarimizning roziligi ustuvor masala», — dedi Tanzila Narbayeva.

Hududlarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini nazorat qilib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Senat a’zolari belgilangan muddatda hududlarga chiqib, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash borasidagi loyihalar ijrosining borishini o‘rganishi belgilandi. Mazkur jarayonga xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari hamda loyihalar ijrosi uchun mas’ul idora va tashkilotlar vakillari jalb etiladi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, ijrosi muddatidan orqada qolayotgan loyihalar bo‘yicha muammolarni tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda joyida hal etish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.