Parijdagi Fransiya milliy tibbiyot instituti akademiyasining direktorlar kengashi taxt zalida Abu Ali ibn Sinoning bronza byusti o‘rnatildi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston madaniy merosi» xalqaro multimedia loyihasi matbuot xizmati.

Byust olimning tibbiyot, falsafa va madaniyat sohalaridagi ilmiy va gumanistik merosini targ‘ib qilishga qaratilgan Avicennia International Prize xalqaro mukofotini topshirish marosimida ochildi. Tadbirda O‘zbekistonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustambayev ishtirok etdi.

2022 yilda Avitsenna mukofotlari O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fozilov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Parij universitetida O‘rta asrlar tarixi kafedrasi professori, Ibn Sino va uning «Tib qonunlari» haqida bir qancha asarlar muallifi Joyel Chandeliyer va Fransiya Milliy ilmiy tadqiqot markazi tadqiqotchisi, islom olimi Karim Ifrakka topshirildi.

«Biz ushbu loyihani amalga oshirishga qo‘shgan hissalaringiz uchun barchalaringizga alohida minnatdorlik bildiramiz. Ko‘z oldingizda turgan ushbu byustni o‘zbek xalqi nomidan hamkorligimiz ramzi sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Bu voqea tarixda qoladi va yosh avlodlarga ulug‘ olim Ibn Sino merosini o‘rgatish faoliyatiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi», — dedi Sardor Rustambayev.

Avicennia International Prize mukofoti 2015 yilda Yevropa Ittifoqi, O‘rta Yer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan. U o‘z tadqiqotlari va nashr qilgan kitoblari orqali buyuk musulmon mutafakkiri Ibn Sino ijodini o‘rganishga hissa qo‘shgan, tinchlik o‘rnatish, madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan olimlar va shaxslarga beriladi.