9 noyabr kuni Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Marosimda Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, CAMC Engineering kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va yosh sportchilar so‘zga chiqib, shaharchaning bo‘lajak sharoitlari va ahamiyati haqida gapirdi.


Davlat rahbari nutqi davomida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari 2025 yilda Toshkentda o‘tkazilishini aytib o‘tdi. Unda qit’adagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.

Ushbu xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marta tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Prezident bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, ko‘rsatmalar bergandi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi — Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.

«Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.


Ta’kidlanishicha, majmua musobaqalardan so‘ng bo‘shab qolmaydi. Keyinchalik bu yerda Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari va O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Majmualarda aholi ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

«Mamlakatimizda hamma sohalarda loyihalar, imoratlar ko‘payyapti. Bularning zamirida buyuk xalqimizning buyuk mehnati yotibdi, buyuk xalqimizning niyati, ertangi kunga ishonchi yotibdi. Xudo xohlasa, bunday loyihalar yana ko‘p bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.