O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiy davlatlar tashkilotining Investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilishini ma’lum qildi. U bunga tashkilotga a’zo mamlakatlar iqtisodiyot va savdo vazirlari uchrashuvi yakunidagi matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

TDT bosh kotibi Bag‘dod Amreyev (chapda) va Jamshid Xodjayev (o‘ngda). Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida, Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish bo‘yicha bitimni imzolanishini kelishib oldik. Ishonamanki, Investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish ko‘p qirrali munosabatlarimizni rivojlanishida yangi zamin yaratadi.», — dedi Jamshid Xodjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Savdoga ko‘maklashish strategiyasi» Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti doirasida imzolanishi, Tashkilot mamlakatlarida savdodagi miqdoriy cheklovlar hamda notarif choralarni bartaraf etilishiga ko‘maklashadi.


«Savdo-iqtisodiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash barchamizni ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Bu borada transport yo‘laklari, bojxona-chegara o‘tkazish punktlari va logistika markazlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlashda a’zo va kuzatuvchi davlatlarning birdamligi va mavjud sharoitlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq chora tadbirlar ishlab chiqishilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Vazirlar shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini muhokama qildi. «Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab olgan mazkur hujjatni ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni kelishib oldik», — deya so‘zini yakunladi O‘zbekiston vakili.