Xalq ta’limi vazirligi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, qonun 44−1-modda bilan to‘ldiriladi va quyidagi vaziyatlarda shaxslarning umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbar lavozimiga tayinlanishi taqiqlanadi:

  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
  • psixiatriya yoki narkalogiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar;
  • umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbarlik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasallikka chalingan shaxslar;
  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan (sudlanganlik holati tugatilganligi, olib tashlanganligidan qat’i nazar) shaxslar;
  • jinoyat ishlari aybdorligi to‘g‘risidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlarni (qasddan) sodir etgan shaxslar.

Qonun loyihasining muhokamasi 23 noyabrgacha davom etadi.

Xorijiy amaliyot

Vazirlikning qayd etishicha, xorijiy amaliyot, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbarlik lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirishni cheklashni ko‘rsatib bergan.

Xususan, Belarus, Gruziya, Rossiya, Fransiya va Qozog‘istonning qonunchiligida ta’lim sohasida ishlash huquqiga ega bo‘lgan va ishlashi taqiqlangan shaxslar to‘g‘risidagi qoidalar belgilab berilgan.

Jumladan, Fransiyada maktab direktorlari davlat xizmatchisi hisoblanadi. Shuningdek, davlat xizmati maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ayrim lavozimlar uchun tanlovda faqat sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yaroqli, zarur kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan, sudlanganligi bo‘lmagan va jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxslar ishtirok etishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Belarus Respublikasining Ta’lim to‘g‘risidagi kodeksida pedogogik faoliyat bilan shug‘ullanish uchun cheklovlardan biri sifatida sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangani mavjudligi nazarda tutiladi.

Shuningdek, Qozog‘istonning «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonunida ham ta’lim sohasi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib unga ko‘ra:

  • sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan pedagogik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilingan;
  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
  • ruhiy, xulq-atvorning buzilishi (kasalliklari), shu jumladan psixotrop moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, ruhiy salomatlik sohasida tibbiy yordam ko‘rsatadigan tashkilotlarda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar pedogogik faoliyat bilan shug‘ullanishlari taqiqlangan.

Shuningdek, Qozog‘iston ta’lim vazirining 2012 yil 21 fevraldagi 57-sonli buyrug‘ida korrupsiya jinoyati yoki jinoiy huquqbuzarlik sodir etilganligi yohud pedagogik etika normalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, shaxs har qanday bosqichda o‘qituvchi lavozimini egallash uchun tanlovdan chetlatilishi ko‘zda tutilgan.

Gruziyada, Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, jinoyatning o‘ziga xos turlari belgilangan bo‘lib ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ta’lim sohasida ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xususan, Gruziyada qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sudlangan, sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs, shuningdek, sudlanganligi olib tashlanganidan yoki qaytarilishidan qat’i nazar, erkinlik va jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxs ta’lim sohasida ish bilan ta’minlanishi mumkin emas.