Qo‘qon shahar IIB jamoat xavfsizligi xizmati vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum yurak kasalligi oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 1 oktabrdagi hukmi bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va probatsiya hisobiga olingan mahkum R.N. o‘rnatilgan cheklovlarni buzib, belgilangan hududni tark etganligi aniqlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida u 6 noyabr kuni Toshkent shahrida ushlangan va shu kuni Qo‘qon shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

«8 noyabr kuni soat 02:56 larda mahkum N.R. o‘zini yomon his qilganligi uchun u bilan birga saqlanayotgan S.Yu. nazoratchi xodimlarni yordamga chaqirgan. Hibsxona xodimlari, muassasaga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali holatni ko‘rib, zudlik bilan tez-tibbiy yordamga murojaat qilishgan. Muassasaga yetib kelgan tibbiyot xodimlari, soat 03:16da mahkumning o‘limini qayd etishgan», — deyiladi xabarda.

Qo‘qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining 8 noyabrdagi dastlabki tashxisiga ko‘ra, marhum R.N.ning o‘limiga «yurakni surunkali ishemik kasalligi, yurak toj qon-tomirlarining o‘tkir yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan. Marhumning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onadagi bozorda o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘lgan 14 yoshli o‘smir qo‘lga olinib, Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgani va ertasi kuni u shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgani xabar qilingandi. O‘smirni markazdagi tengdoshlari kaltaklagani aytilgandi.