O‘zbekiston prezidenti 9 noyabr kuni tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyati faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solinadi:

  • tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
  • texnik jihatdan tartibga solish;
  • tarif va notarif tartibga solish;
  • qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish;
    davlat nazorati;
  • raqobatni himoya qilish;
  • qonun bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini o‘rnatish;
    hisobotlarni joriy etish;
  • o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotga a’zolik (ishtirok etish) asosida o‘zini o‘zi boshqarishni joriy etish.

Qonunlar bilan tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning boshqa vositalari ham belgilanishi mumkin.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarning inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizligini, uning qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, davlat xavfsizligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faqat normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida joriy etiladi.

Bundan tashqari, normativ-huquqiy yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat hisoblanmagan hujjatlarda belgilangan tartibga solish vositalari huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

2023 yil 1 yanvardan quyidagi talablar bekor qilinadi:

  • tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish;
  • yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar -ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
  • elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish;
  • yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish.

Shuningdek, 2023 yil 1 martdan:

  • soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;
  • axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIJXP) orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda, YAIJXP orqali nodavlat xizmatlar ko‘rsatish tartibi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi;
  • Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Farmon bilan bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi.

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish — ishchi guruhining asosiy vazifalaridan bo‘ladi. Yagona reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari bo‘yicha o‘rnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini o‘z ichiga oladi.

Adliya vazirligi Yagona reyestrning operatori hisoblanadi. Yagona reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab to‘liq ishga tushiriladi. Birinchi bosqichda (2023 yil) — qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, ta’lim va transport sohalaridagi majburiy talablar ro‘yxati, ikkinchi bosqichda (2024−2025 yillar) — barcha sohalardagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi.

Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.

Farmon bilan tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Biroq bu reja hozircha e’lon qilingani yo‘q.