O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni sanoatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar bermoqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari dunyodagi murakkab vaziyat, transport-logistika va ishlab chiqarish zanjirlaridagi uzilishlar, energoresurslar bilan bog‘liq muammolar O‘zbekistonga ham ta’sir qilayotganini ta’kidladi. Jahon moliya bozorlaridagi o‘zgarishlar ta’sirida chetdan jalb qilinadigan resurslar narxi oshayotganini qayd etdi.

9 oyda sanoat 5,3 foizga o‘sdi. Lekin 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish 1,6 trillion so‘mga kamaygan. Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish qisqargan tarmoqlardagi korxonalarga aylanma mablag‘i, solig‘i, transportiga yordam berib, to‘la quvvatga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi.

2022 yilda sanoat zonalari infratuzilmasiga 1,2 trillion so‘m ajratildi. Lekin, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mablag‘larning 40 foizini ham o‘zlashtirilmagan, dedi prezident. U mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti — 3 barobar, transformator — 3,6 barobar, tibbiy buyumlar — 9 barobar, trikotaj mato — 2 barobar oshdi.

Prezident agar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini ko‘proq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlar eksportni bir necha barobar oshirishi mumkinligini aytdi. Biroq mas’ul vazirliklar bu masalalar bilan shug‘ullanmayotganini tanqid qildi.

Mamlakatda gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yiliga 70 ming tonna polipropilenga talab bor. Biroq, birjaga 2 barobar kam polipropilen qo‘yilmoqda. Natijada narx 30 foizga oshib, tonnasi 1 ming 800 dollarga ko‘tarilgan. Xuddi shunday, mebelchilikda ishlatiladigan formalin ichki bozorda 260 dollardan sotilyapti (raqobatchi bozorlarga nisbatan 60 dollarga qimmat).

Shavkat Mirziyoyev 1 dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qo‘yish topshirig‘ini berdi.

O‘zbekiston GSP+ tizimiga qo‘shilganiga bir yildan oshdi. Yevropa bozorida sotiladigan tayyor mahsulotlar uchun transport xarajatlariga 70 foizgacha subsidiya berilmoqda. Lekin GSP+`ga kiradigan 6 ming 200 ta bojsiz mahsulotning bor-yo‘g‘i 325 turi eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Sababi — korxonalarimiz yirik yetkazib berish zanjirlariga qo‘shila olmayapti, xalqaro sertifikati yo‘q. Sifati yaxshi bo‘lsa ham, mahsulotini sota olmayapti. Shu munosabat bilan mutasaddilarga Yevropaga kelgusi yilda sanoat eksportini 600 ta mahsulotga, eksport hajmini 700 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi», — dedi davlat rahbari matbuot kotibi.

To‘qimachilikda keyingi yilda ichki bozorga qo‘shimcha 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 4,3 milliard dollarga yetkazish topshirildi. Buning uchun:

  • Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama, trikotaj mato eksportiga transport xarajatlari 2024 yil 1 yanvargacha 70 foiz qoplab beriladi;
  • kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi;
  • yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi;
  • to‘qimachilik industrial zonalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
  • yil yakuniga qadar Turkiya, Eron, Belgiyadan texnologiya va mutaxassislar (dizayner va texnolog) olib kelinadi.

Iyun oyida prezident yiliga qo‘shimcha 9 milliard dollar daromad olish uchun ip-kalavani tayyor mahsulotga qayta ishlash tezligini oshirishni topshirgandi. Shuningdek, to‘qimachilik sanoatiga 50 ta xorijiy brendni jalb etish vazifasini qo‘ygandi.