Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibini belgilmoqda. Tegishli nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 7 noyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Nizomda sovg‘aga tavsif berib o‘tilgan. Unga ko‘ra, sovg‘a — bu davlat fuqarolik xizmatchisiga xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan beg‘araz taqdim etiladigan moddiy qiymatga ega bo‘lgan moddiy ashyolar, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) ko‘rsatiladigan xizmatlar.

Nizom va uning talablariga rioya etish davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati bo‘yicha quyidagi miqdor belgilanadi:

  • Davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravaridan (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) кўп bo‘lmagan miqdorda;
  • O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxslar bundan mustasno;
  • Davlat fuqarolik xizmatchilariga taqdim etilgan sovg‘a mehmon (mezbon) tomonning ramzlari va (yoki) logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alar qiymati uchun miqdor belgilanmaydi va bunday sovg‘alar baholanmaydi. Bunday sovg‘alarni davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi.

Taqdim etilgan sovg‘aning miqdori belgilangan miqdordan oshgan taqdirda, belgilangan miqdordan oshgan qismi davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan davlat tashkilotiga to‘lash orqali sovg‘ani tasarruf etishi mumkin.

Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan qabul qilinadigan sovg‘a:

  • O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari va davlat organining ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi;
  • ixtiyoriy, aniq bir sabab, voqea (hodisa) munosabati bilan qabul qilinishi va (yoki) taqdim etilishi hamda belgilangan miqdordan oshmasligi va dabdaba (hashamat) predmeti bo‘lmasligi;
  • sovg‘ani qabul qilish yoki taqdim etish natijasida biror bir tarafning shaxsiy manfaatdorligini, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi, xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi;
  • sovg‘a xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda ochiq va oshkora qabul qilinishi va (yoki) taqdim etilishi, davlat organining obro‘-e’tibori (nufuzi)ga putur yetishiga olib kelmasligi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan taqdim etiladigan sovg‘a uning shaxsiy hisobidan amalga oshirilmasligi;
  • sovg‘a berish tabrik nutqi bilan birga bo‘lishi, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea (hodisa) o‘zining aniq ifodasini topgan bo‘lishi, shuningdek diplomatik protokol talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga naqd yoki naqdsiz pul, qimmatli qog‘ozlar, kripto valyuta, barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar, o‘q-dorilar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir etuvchi preparatlar, pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan nashr hamda materiallarni sovg‘a sifatida qabul qilish yoki taqdim etish taqiqlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga taqdim etilgan гуллар, oziq-ovqatlar (konditer mahsulotlari va b.), tashkilotlarning kanselyariya to‘plamlari (kalendarlar, bukletlar, ruchka, bloknotlar) sovg‘a deb qabul qilinmaydi va rasmiylashtirilmaydi.

Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan xalqaro delegatsiya rahbariga taqdim etilgan sovg‘a qiymatidan qat’i nazar davlat organi tasarrufiga o‘tkaziladi. Bunda taqdim etilgan sovg‘alar baholanmaydi va davlat fuqarolik xizmatchisi tasarrufiga o‘tkazilmaydi.

Sovg‘aning bahosi nizomda belgilangan miqdordan ziyod bo‘lgan sovg‘alar taqdiri quyidagi tartibda hal etiladi:

  • sovg‘a taqdim etilgan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun davlat organiga to‘lov amalga oshiriladi va sotib olinadi. Sovg‘ani sotishdan tushgan mablag‘ davlat organining budjeti yoki budjetdan tashqari daromadlari hisobiga o‘tkaziladi;
  • agar davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun to‘lovni amalga oshirishni hamda sotib olishni rad etsa, davlat organining tegishli mas’ul tuzilmasi tomonidan rasmiylashtirilib, davlat organi balansiga o‘tkaziladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan taqdim etilgan sovg‘alarni qabul qilishning qonuniyligi to‘g‘risida har qanday shubhalar paydo bo‘lganda ushbu masalani bevosita o‘zining yuqori turuvchi rahbariyatini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasini xabardor qilishi shartligi belgilanmoqda.