O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda ta’limning finlyandcha tajribasi haqida yuqori minbarlardan turib ko‘p gapirilmoqda. Dastlab Sirdaryo viloyatiga tashrifi vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev boshlang‘ich maktablar uchun «Finlyandiya standartlari» asosida darsliklar ishlab chiqilishini e’lon qildi va bu qarorni «Finlyandiya xalq ta’limi Yevropada va umuman butun dunyoda raqobatbardosh ekani» bilan izohladi. Keyinroq Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan prezident huzuridagi yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilidan boshlab viloyatning 48 ta maktabida Finlyandiya ta’lim tizimini tatbiq etish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ushbu masala finlyandiyalik ekspert bilan muhokama qilingani haqida hisobot berdi.

«Fin tajribasi» nimadan iborat o‘zi? Fin tajribasini ko‘chirish haqiqatan ham bizning ta’lim tizimimizdagi barcha muammolarni tuzata oladigan «sehrli hapdori»mi?

Finlyandiya ta’lim tizimi sharhi


Finlyandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi sayti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi ta’lim tizimi bir necha bo‘g‘indan iborat. Maktabgacha ta’lim pulli va uning narxi oilaning moddiy farovonligidan kelib chiqib belgilanadi. Undan keyin bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlov bosqichi bo‘lib, u bepul. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda ham «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlov ko‘zda tutilgan.

Finlyandiyada bolalar maktabga 7 yoshdan qabul qilinadi. Boshlang‘ich ta’lim olti yil davom etadi. 7-sinfdan boshlab bolalar o‘rta ta’limning uch yil davom etadigan birinchi bosqichiga o‘tadi. Boshlang‘ich maktabda va o‘rta ta’limning birinchi bosqichida barcha bir xil ta’lim olishi kerak: bolalarni, bizning ixtisoslashtirilgan maktablarimizdagi amaliyotdan farqli ravishda, qobiliyatlari va qiziqishlariga qarab ajratish mumkin emas. Boshlang‘ich maktabda bolalar bilan faqat bitta o‘qituvchi ishlasa, o‘rta maktabda har bir fan bo‘yicha alohida o‘qituvchi dars beradi.

O‘quv yili 38 hafta, har bir dars 45 daqiqa davom etadi. Bolalar til (ona tili va adabiyot, ikkinchi davlat tili, xorijiy tillar), matematika, tabiiy fanlar va salomatlik haqidagi fan, din va etika, tarix va jamiyatshunoslik, san’at (musiqa, vizual san’atlar, qo‘l hunari), ro‘zg‘orshunoslik va jismoniy tarbiya, shuningdek, o‘z tanlovi bo‘yicha boshqa fanlarni o‘rganadi. Bundan tashqari, funksional va metakognitiv ko‘nikmalar (o‘z o‘quv jarayonini nazorat qila olish ko‘nikmasi) hamda kasb tanlovi bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun maxsus soatlar ajratiladi. O‘quvchiga beriladigan haftalik yuklama, Yevropaning boshqa davlatlari bilan taqqoslaganda, past: 1 va 2-sinflarda minimal yuklama 20 soatni tashkil etadi va katta sinflarda 27 soatgacha ko‘payadi (taqqoslash uchun: O‘zbekistonda bu yuklama haftasiga 22 soatdan 34 soatgacha yetadi). Maktablarda xotirjamlashtiruvchi muhit hukmron, kiyim bo‘yicha talab yo‘q, darsliklar va tushlik bepul beriladi, darslar orasidagi uzoq tanaffuslar esa bolalarga o‘ynash va dam olish imkonini beradi.

To‘qqiz yillik umumiy o‘qishdan so‘ng bolalar o‘rta ta’limning ikkinchi bosqichidagi ikki yo‘nalishdan birini tanlashi kerak: akademik yoki kasb-hunar (professional) ta’limi. Biror bilan kasbni egallashni xohlaganlar kasb-hunar yo‘nalishini tanlab, o‘qishni tugatgach, tegishli sertifikat egasiga aylanadi. Qabul imtihonlar orqali amalga oshiriladigan akademik yo‘nalishda esa bolalar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlanadi va alohida fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rganishi mumkin. Uch yillik ta’lim yakunida o‘quvchilar natijalari oliy o‘quv yurtlariga kirish-kirmaslikni hal qiluvchi milliy imtihonlarda qatnashadi. Bunday yondashuv bizning avvalgi «9+3» tizimimizni yodga soladi (to‘qqiz yillik umumiy ta’lim + uch yil litsey yo kollejda o‘qish), biz shu tizimni buzib tashlab, o‘rniga 11 yillik maktabni qaytargan edik.

Oliy ta’limni e’tibor ilmiy tadqiqotlarga qaratiladigan universitetlarda yoki ko‘proq amaliyotga asoslangan amaliy fanlar universitetlarida olish mumkin. Oliy va OTMdan keyingi ta’lim bakalavriat, magistratura, litsensitura (litsensiat — magistr va fan doktorligi o‘rtasidagi oraliq bosqich) va doktoranturaga bo‘linadi.

«Fin mo‘’jizasi»?

«Ta’limdagi fin mo‘’jizasi» haqida ilk bor 2000 yili, o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA’ning birinchi natijalari e’lon qilinganida gapirilgan edi. Finlyandiya o‘qish savodxonligi bo‘yicha tadqiqotda qatnashgan 32 mamlakat orasida 546 ball bilan (o‘rtacha ball — 500) birinchi, matematik savodxonlik bo‘yicha 536 ball bilan (Gonkong, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiyadan keyin) beshinchi va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha (Janubiy Koreya, Yaponiya va Gonkongdan keyin) to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi. PISA’ning keyingi sikllarida ham, natijalarning pasayish va Osiyo mamlakatlari (Shanxay, Gonkong, Tayvan, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya)ning reytingi o‘sishi tendensiyasini kuzatish mumkin bo‘lsa-da, Finlyandiya baribir yuqori o‘rinlarni egallagan.


2000

2003

2006

2009

2012

2015

2018

O‘qish savodxonligi

546 (1)

543 (1)

547 (2)

539 (3)

524 (6)

526 (4)

520 (7)

Matematik savodxonlik

536 (5)

544 (2)

548 (2)

541 (6)

519 (12)

511 (12)

507 (16)

Tabiiy-ilmiy savodxonlik

538 (4)

548 (1)

563 (1)

554 (2)

545 (5)

531 (5)

522 (6)

PISA’ning 2000−2018 yillardagi tadqiqotlari bo‘yicha Finlyandiya natijalari. Qavs ichida mamlakatning reytingdagi o‘rni ko‘rsatilgan.

Ko‘rsatkichlarning pasayishidan tashqari, PISA’ning 2018 yilgi natijalar bo‘yicha hisobotida IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlari orasida mutolaa bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalarning natijalari bo‘yicha eng katta farqqa, mutolaa bo‘yicha ko‘rsatkichlari past bolalarning ulushi ikki barobar oshganiga, shuningdek, turli ijtimoiy-iqtisodiy maqomdagi oilalarning bolalari erishgan natijalar o‘rtasidagi farqning kattalashuviga e’tibor qaratgan.

Ayni vaqtda, tadqiqot natijalariga ko‘ra, aksariyat bolalar maktabda o‘zlarini baxtiyor va maktabga bog‘lanib qolgandek his qilishlarini qayd etib o‘tgan. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda o‘quvchilarning yetarlicha katta qismi xavotir va tushkunlikdan aziyat chekadi, shuningdek, maktab bilan bog‘liqlikni his qilmaydi.

Boshqa tarafdan, ayrim ekspertlar «fin mo‘’jizasi»ga shubha bilan qaraydi: ba’zilarning fikriga ko‘ra, fin o‘quv dasturlari PISA testlariga kiritilmagan tushunchalarni rad etadi, boshqa mutaxassislar esa PISA’dagi muvaffaqiyatlarga «Pirr g‘alabasi» deya ta’rif beradi: PISA uchraydigan matematik masala turlariga katta urg‘u berilgani bois, ko‘plab bolalarda OTMda o‘qish davrida tayanish mumkin bo‘lgan bilimlar zaxirasi yo‘q. Finlyandiyaning YLE teleradiokompaniyasi «PISA'dagi fin mo‘’jizasi afsonaviy ko‘lamga chiqqani» va «fin ta’limi tilsimini o‘rganish uchun butun dunyodan kelayotgan delegatsiyalar ko‘plab tashkilotlar uchun daromad manbasiga aylangani» haqida istehzo qiladi. Asosiy faoliyati «fin sifati»ga muvofiqlik sertifikatini taqdim etishdangina iborat bo‘lgan tijorat kompaniyalari ham ko‘payib ketgan.

Finlyandiya ta’lim tizimining o‘ziga xosliklari: O‘zbekiston bilan taqqos

Foto: oph.fi.

Finlyandiya ta’lim tizimining eng asosiy o‘ziga xosliklarini O‘zbekiston bilan taqqoslagan holda ko‘rib chiqamiz. Muhim izoh: ushbu taqqosdan «ularda hammasi yaxshi, bizda esa — rasvo» degan xulosa berish maqsad qilinmagan. Shuni yodda tutish lozimki, har qanday ta’lim tizimining ishlashi ko‘plab — tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa omillarga bog‘liq.

Jahon banki ekspertlari fin jamiyatining uni boshqa davlatlardan mutlaqo ajratib turuvchi va, xususan, ta’lim tizimida ham o‘z izini qoldirgan quyidagi o‘ziga xos farqli jihatlarini sanab o‘tgan: kichik, etnik va madaniy jihatdan gomogen aholi (Finlyandiya aholisining atigi 4 foizigina fin emas) va aholi jon boshiga daromadlarning yuqori darajasi. O‘zbekiston aholisi esa nafaqat ko‘p, balki milliy, madaniy va diniy jihatdan ham xilma-xil, daromad darajasi esa o‘rtachadan past.

Helsinki universitetidan Hanna Simola «fin mo‘’jizasi»ning tarixiy va ijtimoiy ildizlarini tadqiq etarkan, Finlyandiyaning agrar jamiyatdan industrial, undan so‘ng esa post-industrial jamiyatga aylanishi juda tez yuz berganini, ta’lim sohasida ham xuddi shunday jadal rivojlanishni ko‘rish mumkinligini ta’kidlaydi: Finlyandiyada umumiy ta’limni joriy etish 1970 yillardagina boshlangan va u «tez, tizimli va hatto totalitarchasiga» tatbiq etilgan.

Simolaning yozishicha, mamlakat ta’lim tizimida 1970 yillardagi islohotning asosiy o‘ziga xosliklaridan biri maktablarni «kuchli» va «oddiy»lariga ajratishdan voz kechib, hamma uchun bir xil umumta’lim maktablarining joriy etilishi edi. Jahon banki ham bolalarni (qobiliyatlari va qiziqishlariga ko‘ra) erta ajratishdan voz kechish Finlyandiya maktab ta’limining asosiy xususiyatlaridan biri ekanini qayd etib o‘tgan.

O‘zbekistonda esa, ekspertlarning ta’kidlashicha, ta’lim va fanni rivojlantirish strategiyasi iqtidorli bolalar uchun alohida, masalan, o‘quvchilar 5 yo 7-sinfdan qabul qilinadigan prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Finlyandiyada umumta’lim maktablari nafaqat o‘quv dasturlari, balki moliyalashtirish masalasida ham bir xildir. Moliyalashtirishning bir qismi markaziy budjetdan, qolgani esa mahalliy budjetda amalga oshiriladi. Avstraliyaning ABC News telekanali jurnalistining tasvirga olish guruhi kelgan maktab boy ko‘rinishi va, katta ehtimol bilan, ko‘proq pul olsa kerak, qabilidagi savoliga, maktab direktori unday emasligi, bu maktab ham boshqalari kabi bir xil moliyalashtirilishini aytadi. To‘g‘ri, moliyalashtirish o‘quvchi boshiga bir xil, ya’ni moliyalashtirish hajmi o‘quvchilar soniga bog‘liq.

Finlyandiya ta’lim tizimidagi islohotlarning yana bir muhim jihati — 1970 yillardan boshlab boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kollej va seminariyalardan universitetlarning qayta tashkil etilgan ta’lim fakultetlariga ko‘chirilgan, shuningdek, maktab o‘qituvchilari magistr darajasiga ega bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Hozir boshlang‘ich maktabda dars berish uchun o‘qituvchi ta’lim sohasida magistr darajasiga, o‘rta maktabda dars berish uchun esa dars berayotgan fani bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lishi lozim. Taqqoslash uchun: ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qo‘ituvchilarning 13 foizi o‘rta maxsus yoki tugallanmagan oliy ma’lumotga ega.

Finlyandiyaning pedagogika fakultetlarida magistr darajasini olish uchun zarur 300 kredit (bakalavriatda 180 kredit va magistraturada 120 kredit)ning kamida 60 tasi, qoida tariqasida, pedagogika bilan bog‘liq fanlarga va o‘quv vaqtining 15 foizdan to yarmigacha bo‘lgan qismi pedagogik amaliyotga ajratilgan. Ishlayotgan pedagoglarning malakasini oshirish mahalliy munitsipalitetlar zimmasida va budjetni qanday sarflash ham ularning o‘ziga havola bo‘lgani bois, malaka oshirish imkoniyatlari va shakllari hudud va maktabga qarab farq qilishi mumkin.

O‘zbekistonda malaka oshirish tizimi, qoida tariqasida, hukumat qarorlari bilan tartibga solinadi va barcha uchun bir xildir. Faqat yaqindan boshlab o‘qituvchilarga o‘z malakasini oshirish uchun ta’lim muassasasini tanlash huquqi berildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Finlyandiyada o‘qishga kirish uchun tanlov eng katta bo‘ladigan yo‘nalishlardan biri pedagogikadir. Masalan, so‘nggi yillarda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash fakultetlaridagi o‘rtacha 900 ta o‘ringa 7000 ga yaqin abituriyent da’vogarlik qilgan. Ish haqi boshqa sohalarga nisbatan kamroq ekaniga (masalan, boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi magistr darajasiga ega boshqa mutaxassislarga qaraganda 22 foiz kamroq, o‘rta maktabning birinchi bosqich o‘qituvchisi esa 15 foiz kamroq maosh oladi) va stress darajasi o‘sib borayotganiga qaramay, ko‘plab o‘qituvchilar o‘z ishidan qoniqish va sadoqat his qiladi: o‘qituvchilarning faqat 10−15 foizigina faoliyati davomida sohasini o‘zgartiradi. Shuningdek, o‘qituvchilarga nisbatan ota-onalar tomonidan ishonch va hurmatning yuqori ekanini ham alohida qayd etib o‘tilgan.

Hanna Simolaning ta’kidlashicha, Finlyandiya ta’lim islohotlaridagi yana bir muhim burilish nuqtasi bu — 1990 yillarda o‘qituvchilar va maktab ustidan rasmiy nazoratdan voz kechilganidir: «maktablarni tekshirish, detallashtirilgan o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv materiallarini rasman tasdiqlash, o‘qituvchi har bir darsni yozib borishi shart bo‘lgan jurnallar kabi barcha an’anaviy nazorat mexanizmlari yo‘qoldi».

Ta’lim bo‘yicha ekspert, Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan «Finnish Lessons» kitobi muallifi Pasi Salbergning yozishicha, Finlyandiyada o‘qituvchilarni «qamchi va shirinlik» tamoyili asosida harakatga keltirishga intilish yo‘q, aksincha, ularga katta erkinlik (avtonomiya) beriladi. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarini baholab borishlari va ularning davomati haqida hisobotlarni taqdim etishlari kerak, ammo, ayni vaqtda, ularning nazarida o‘quvchilarga mosroq keladigan o‘z dasturlarini ham ishlab chiqishlari mumkin. Jahon bankining qayd etishicha, bu tizim o‘zaro ishonch asosiga qurilgan: Finlyandiyaning Ta’limni baholash markazi (FINEEC) shaharlarni alohida-alohida tanlab olib, muntazam baholashlar o‘tkazib turadi, ammo bunda maktablarni bir-biri bilan taqqoslamaydi, bunday baholashga tushmagan maktablar esa o‘qitishdagi muammolarni aniqlash va tuzatish uchun o‘zining baholash usullaridan foydalanadi.

Umuman olganda, nomarkazlashuv (detsentralizatsiya) hamda munitsipalitetlar va maktablarga erkinlik (avtonomiya) berilishini ko‘plab tadqiqotchilar fin ta’lim tizimidagi islohotlarning eng muhim samaralaridan biri, deya e’tirof etadi. Misol uchun, Milliy o‘quv dasturi maktabdagi har bir fan bo‘yicha maqsad va vazifalarni, shuningdek, ta’lim muhiti, o‘qitish va baholashga aloqador umumiy qoidalarni belgilab beradi, biroq munitsipalitetlar va maktablar milliy dastur hamda mahalliy o‘ziga xosliklar va o‘z o‘quvchilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘z dasturlarini ishlab chiqishi mumkin.

O‘zbekistonda umumta’lim maktablari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dastur va rejalarga qat’iy rioya qilishi shart. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maktablarni akkreditatsiyadan o‘tkazib, ularning reytingini tuzadi, o‘qituvchilar esa Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinadigan attestatsiya jarayonidan muntazam o‘tib turishi talab etiladi.

Darsliklar

Finlyandiyada darsliklar Sanoma Pro, Otava yoki Edita kabi ko‘plab nashriyotlar tomonidan ishlab chiqiladi. Nashriyotlar odatda o‘z mahsulotlari namunalarini maktablarga yuboradi, shuningdek, pedagoglarni bozorda mavjud mahsulotlar bilan tanishib, o‘z tanlovini amalga oshirishi uchun yangi darsliklarning taqdimotlariga taklif qiladi. Xarid qilinadigan darsliklar masalasidagi hal qiluvchi qaror maktab direktorlari va munitsipalitetlar rahbariyati tomonidan qabul qilinadi. Maktablar darsliklarni o‘quvchilarga bepul taqdim etadi va kelgusi avlod o‘quvchilari ham ushbu darsliklardan foydalana olishlari uchun ehtiyotkorlik bilan foydalanishni so‘raydi. Ko‘plab nashriyotlar darsliklarning raqamli talqinini va darsliklarga ilova qilish mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab resurslarni ham taqdim etadi.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, darsliklar umumta’lim maktabida hal qiluvchi rolni o‘ynaydi va aksariyat o‘qituvchilar uchun «o‘quv dasturining ekvivalenti»ga aylanadi.

Internetdan topish mumkin bo‘lgan darsliklar namunalari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, qandaydir o‘ziga xos «fincha standart» mavjud emas: fin noshirlarining darsliklari, masalan, Kembrij, Pirson yoki Xodder kabi jahonning yetakchi nashriyotlari chiqargan darsliklari kabi umumqabul qilingan pedagogik tamoyillar asosida ishlab chiqilgan. Misol uchun, Finlyandiyaning Otava nashriyoti tomonidan boshlang‘ich maktab uchun chiqarilgan ona tili darsligi bilan Britaniyadagi Cambridge University Press’ning shunday darsligini, Sanoma Pro va Hodder’ning tarix bo‘yicha yoki Sanoma Pro va Pearson’ning biologiya bo‘yicha darsliklarini taqqoslab ko‘ring.

Muallif tomonidan ushbu maqolani yozish davomida o‘rganib chiqilgan ekspertlarning fikricha, Finlyandiyaning PISA’dagi muvaffaqiyatiga darsliklar emas, balki yuqorida sanab o‘tilgan omillar (nomarkazlashuv (detsentralizatsiya), o‘qituvchilarni tayyorlash va barcha uchun bir xil ta’lim olish imkoniyati) sabab bo‘lgan.

«Fin tajribasini tatbiq etish»: savollar

Fin tajribasini tahlil qilarkan, Salberg shunday ogohlantiradi: Finlyandiya ta’limdagi muvaffaqiyatli islohotlar namunasi sifatida ko‘p ko‘rsatilsa-da, bu Finlyandiyaning o‘zida 1970 yillardan boshlab qo‘llab kelinayotgan g‘oya va tamoyillar boshqa madaniy yoki ijtimoiy kontekstlarda ish beradi, degani emas.

Darhaqiqat, ta’lim tizimi — masalan, ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari, ta’lim muassasalari, baholash tizimi, tizimda ishlovchi mutaxassislar, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash kabi bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq unsurlardan iborat murakkab bir mexanizm bo‘lib, ushbu zanjirning bir yoki bir necha pog‘onasini ularning boshqa unsurlar bilan munosabatlarini inobatga olmay ko‘chirish kutilgan samarani bermasligi mumkin. Butun tizimni kontekstni inobatga olmay ko‘r-ko‘rona ko‘chirish ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu munosabat bilan, «Finlyandiya ta’lim tizimini tatbiq etish» yuzasidan bir qator savollar tug‘ilmoqda:

  • Nima uchun, masalan, so‘nggi yillarda PISA reytingida Finlyandiyani ortda qoldirib ketgan davlatlarning emas, aynan Finlyandiyaning modeli tanlandi?
  • Nima uchun «tatbiq etish» hududi sifatida Qashqadaryo tanlangan? Qanday ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa omillar O‘zbekistondan ko‘plab jihatlar bo‘yicha farq qiluvchi Finlyandiyadek mamlakatning tajribasini aynan ushbu hududda tatbiq etib ko‘rishga imkon beradi?
  • «Finlyandiya ta’lim tizimi» deganda aynan nima nazarda tutilmoqda? Finlyandiya ta’lim tizimining aynan qanday jihatlari hududda joriy etiladi? Masalan, 11 yillik ta’lim yo‘q qilinib, o‘rniga Finlyandiyadagidek «9 3 3» tizimi joriy etiladimi? Mahalliy ta’lim organlari va maktablarga Finlyandiyadagidek avtonomiya beriladimi? Xuddi Finlyandiyadagidek ushbu hududda ham maktab va o‘qituvchilarni nazorat qilish va tekshirishlardan voz kechamizmi? Xuddi Finlyandiyadagidek barcha bir xil ta’lim xizmatlaridan foydalana olishi uchun ushbu hududdagi prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarni yopib, moliyaviy resurslarni teng taqsimlash tizimini joriy etamizmi? Barcha o‘qituvchilar xuddi Finlyandiyadagidek magistr darajasiga ega bo‘lishi shart bo‘ladimi?
  • «Darsliklarning fincha standarti» deganda nimalar nazarda tutilmoqda? Fin darsliklarining aynan qanday xususiyatlari ularni, masalan, prezident maktablaridan foydalanilayotgan Kembrij darsliklaridan yoki boshqa mashhur nashriyotlarning darsliklaridan yaxshiroq qiladi?

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa vakolatli organlarni shu va boshqa savollarni ochiq muhokama qilishga chaqiraman. Bir necha yil avval biz 12 yillik ta’limdan voz kechgandik, vaholanki uning joriy etilishi uchun katta kuch va vositalar sarflangan va o‘z vaqtida rosa maqtalgan edi, ammo shu vaqtgacha ushbu qarorning mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga ko‘rsatgan ta’sirini ochib beruvchi tadqiqotlar yo‘q. Finlyandiya yoki boshqa istalgan mamlakat tajribasini ko‘chirish — izchil o‘ylangan holda qabul qilinishi zarur bo‘lgan taqdirlarga ta’sir qiluvchi qarordir.

P.S. Maqola tayyorlanayotgan vaqtda, prezident Administratsiyasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish va XTVning brifingi haqida xabarlar chiqdi. Ularga ko‘ra, 2023 yil yanvaridan boshlab 1−4-sinf o‘quvchilari uchun «Finlyandiyaning vakolatli organlarining sifat belgisi bilan qayd etilgan» darsliklar aprobatsiya qilish rejalashtirilgani, katta sinflar uchun esa aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha darsliklar tayyorlash maqsadida Sanoma Pro va Otava nashriyotlari bilan maslahatlashuvlar olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan men avval ham ko‘targan yana bir qator savollar yuzaga kelmoqda:

  • Aprobatsiya qilinishi kutilayotgan 1−4-sinf darsliklari kim tomonidan va qanday dastur asosida ishlab chiqilgan?
  • Ushbu darsliklar «Finlyandiya vakolatlari organlari»ning qay biri tomonidan va qanday mezonlar asosida tahlil qilingan?
  • Ushbu darsliklar Novda Edutainment kompaniyasida (yoki uning ko‘magi asosida) ishlab chiqilgani inobatga olinsa, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi va ma’muriy resursdan foydalanganlik masalalari qanday hal qilinadi?
  • Davlat rahbarining Milliy ta’lim dasturini amaliyotga joriy etish to‘g‘risidagi farmoni asosida 1−3, 6, 7 va 10-sinflar uchun Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan darsliklar taqdiri nima bo‘ladi?

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin