Fransiya

Fransiya terma jamoasi JCH-2018da ikkinchi marta jahon chempionligini qo‘lga kiritib, hozirda amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. Birinchi g‘alaba 1998 yilda uy stadionlarida bo‘lgan. Agar tarkibning imkoniyatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, fransuzlar Qatarga turnirning asosiy favoriti sifatida borishmoqda.

Milliy terma jamoa ustozi Dide Desham 2012 yilda Fransiya terma jamoasi boshqaruvini qo‘lga olgan edi — bu zamonaviy davrdagi terma jamoa murabbiylari orasida aql bovar qilmaydigan darajada uzoq faoliyatdir. Bu vaqt ichida u 65 nafar futbolchini «uch ranglilar»ning o‘yinlari elagidan o‘tkazdi. Yorqin futbol ustalari konveyeriga ega bo‘lgan Fransiya uchun bir vaqtlar braziliyaliklarga nisbatan qo‘llanilgan tezis bugungi kunda juda mos keladi: fransuzlar bemalol Jahon chempionatiga ikkita jamoani olib chiqishlari mumkin va ikkalasi ham «oltin» uchun kurashadi.

Asosiy tarkibdagi o‘n bitta fransuz «qurollari» tarkib sxemasida keltirilgan bo‘lsa, yana o‘nlab shunday o‘yinchilar rasmiy arizada va boshqalarga ehtiyoj qolmasligi mumkin: bu ro‘yxatga yana kimnidir qo‘shish qiyin (Loris, Pavar, Koman, Benzema, Mbappe, Dembele…). Ushbu ro‘yxatda fransuzlarga jarohat olgan Kante yetishmaydi. Ammo yangi avlod allaqachon faxriylardan izidan yetilib ulgurmoqda — Nkunku, Teo Ernandes, Kamavinga, Fofana.


Foto: French Team /Twitter

Albatta, fransuzlarning Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizligini eslash mumkin, menimcha, Desham bu paytda Qatardagi chempionatga tayyorgarlik ko‘rish haqida o‘ylayotgan edi. Yangi futbol yulduzlarini izlash uchun fransuz murabbiyi hozirgi Millatlar Ligasini qurbon qildi. «Uch ranglilar»ning Ligadagi o‘yini haqidagi tanqidlar bir kun kelib tugashi kerak va Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Fransiya yangi o‘zgarishlar bilan bizni hayratda qoldirishi mumkin.

Daniya

Daniya terma jamoasi mundialda besh marta ishtirok etgan, birinchi marta buni 1986 yilda, Elkyayer-Larsenning yorqin avlodi terma jamoada o‘ynagan davrda amalga oshirgan. Eng yaxshi natija — 1998 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida chorak finalga chiqish bo‘lgan.

Daniyaning bugungi futboli kechagidan nimasi bilan farq qilishi haqida bir qancha maqolalar yozildi. Ma’lum bo‘lishicha, ularda futbolni rivojlantirish uchun qandaydir ajoyib dastur bor. Bosh murabbiy Kasper Xyulmand bundan mohirona foydalanmoqda. Yevro-2020da Mikkel Damsgor musobaqa kashfiyoti bo‘ldi, shuningdek, 22 yoshli Yesper Lindstrem ham bor, u o‘tgan mavsumda «Brondbyu» bilan birga chempionlikni qo‘lga kiritib, Germaniyaning «Ayntraxt» jamoasiga o‘tdi.


Foto: Mads Klaus Rasmussen / Ritzau Scanpix / picture alliance

Xyulmand — zamonaviy murabbiylikning yorqin timsoli: u zamonaviy falsafa va psixologiyaga sho‘ng‘ib ketgan, konsertlarga borib turadi, siyosatchilar bilan muloqot qiladi. Ammo Daniya futbolining maydondagi asosiy faxri — jamoaning yarim himoyasi. Legoni ixtiro qilgan mamlakat uchun bu ajablanarli emas!

Yevro-2020dagi Daniya transformeri o‘zining topqirligi bilan hammani hayratda qoldirdi: Per-Emil Xeybergning harakatlari, Kristin Nergor va Mattias Yensenning bir-birini o‘rnini bosa olishi, Mele va Vass kabi laterallar nafaqat tunisliklar va avstraliyaliklarning boshlarini aylantirishi mumkin. Tarkibga qaytgan Kristian Eriksen endi u qadar tezkor emas, biroq u hozirda «kesuvchi» uzatmalari bilan tomoshabinlarni xursand qilishda davom etmoqda.

Birinchi navbatda daniyalik muxlislarni orqa chiziqdagi xarizmatik posbon Kasper Shmeyxelning ahvoli xavotirga solmoqda — u Angliyaning «Lester»idan Fransiyaning «Nitssa»siga ketganidan so‘ng, «Lojuvard qirg‘oqlari» bo‘yidagi saylgohda biroz o‘z «formasini» yo‘qotdi. O‘zlarining to‘rtinchi o‘n yilliklarini yashashni boshlagan markaziy himoyachilar Simon Kyaer va Yannik Vestergor daniyaliklarni chorak final bosqichida biroz sekinlashtirishi mumkin.

Avstraliya

Qatarda Avstraliya terma jamoasi jahon chempionatida oltinchi bor ishtirok etadi. 2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida «sokkerouzlar» hozirgacha eng yaxshi natijasini qo‘lga kiritdilar — 1/8 finalga chiqdi va bahsli penalti tufayli Italiyaga mag‘lub bo‘ldi. O‘sha Jahon chempionati Tim Kexill avlodining yuksalish davri edi.

Hozirgi jamoada hal qiluvchi o‘yinchilar deyarli yo‘q: yaxshi jamoaviy harakat, Aaron Muyning pasi, Mettyu Lekining zarbasi va psixologik bosimning yo‘qligi — jamoa o‘yinining qisqacha ta’rifi. Ushbu turnirda Grem Arnold jamoasidan hatto Avstraliyaning o‘zida ham alohida yutuqlar kutishmaydi. Vaholanki, agar futbolchilar maksimal darajada va hisob uchun o‘ynashsa, hozirgi avlod sust o‘yini bilan biroz bo‘lsa-da xayrlasha oladi.

Foto: Subway Socceroos /Twitter

«Sokkerouz» muxlislari ham jamoadagi darvozabon ampluasi uchun xavotirlanishmoqda: hozir «Kopengagen»da to‘p surayotgan 30 yoshli Metyu Rayan — Keylor Navasning o‘ziga xos avstraliyalik nusxasi bo‘lib, bo‘ydor (184 sm), lekin yaxshi reaksiya va mahoratga ega, jarima maydonchasi ichida pozitsiya tanlay oladigan darvozabon hisoblanadi. Avstraliyaliklarning asosiy zaif tomoni — bu yorqin futbolchilarining yo‘qligidir. Agar 2006 yilgi jahon chempionatining yakuniy turniridagi to‘rt ochko oddiy g‘alaba hisoblangan bo‘lsa, endi bunday natija yashil qit’a ahlini hayratga solishi mumkin.

Tunis

Avstraliyaliklar kabi Tunis terma jamoasi ham oltinchi bor jahon chempionatiga chiqmoqda. Mahalliy muxlislar jamoani «Karfagen burgutlari» atashadi va bu jamoa hech qachon guruhdan chiqa olishmagan. Eng yaxshi xotiralardan biri — 1978 yilda Argentinada bo‘lib o‘tgan debyut jahon chempionati bo‘lib, Shimoliy afrikaliklar Meksikani mag‘lub etib, Germaniya bilan durang o‘ynagan va polshaliklarga minimal hisobda yutqazishgan.

Mahalliy mutaxassis Jalel Kadrining taktik tamoyili — himoya va uning qo‘l ostida Tunis terma jamoasi saralash bosqichida to‘p o‘tkazib yuborishni deyarli to‘xtatdi. Jamoa asosini katta yoshli (barchasi 27 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan) futbolchilar tashkil qilishadi. Tunis jamoasining himoyasi, albatta, ancha «yuqoriroq qavatda», tom ma’noda — Eles Sxiridan boshlanadi. «Kyoln» jamosida to‘p suruvchi ushbu yarim himoyachini o‘z vatanida «tunislik Buskets» deb chaqirishadi va u jamoadagi eng ijodkor futbolchi.

Foto: Tunisie Football / Twitter

Umumiy hujum chizig‘ining kamchiliklarini Tunisning eng yaxshi to‘purari, uning xarizmatik yetakchisi Vahbi Xazri to‘ldiradi. Jamoada raqibga xavf tug‘dirish bo‘yicha ikkinchi eng xavfli yarim himoyachi — chap qanotda to‘p suruvchi Yussef Msakni hisoblanadi va u ham Qatar chempionatida o‘ynaydi. Uni ba’zi mahalliy muxlislar ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Guruhdagi raqiblar «Karfagenni yer bilan yakson qila olishlari» dargumon. Lekin Tunisning o‘zi ham qarshi hujumlarda unchalik kuchli emas. Avstraliya bilan o‘yinda kutilmagan natijalar bo‘lishi mumkin, ammo jamoa uch ochkodan ko‘proq olgan taqdirda ham «karfagenliklar»ning guruhdan chiqishlari qiyin bo‘ladi.

«E» guruhi bilan tanishuv 11 noyabr, payshanba kuni «Gazeta.uz»da.