Iordaniyada o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionati doirasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Unda 2023 yil O‘zbekiston birinchi bor mezbonlik qiladigan dunyo birinchiligining sanalari rasman ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, bo‘lajak musobaqa 1−14 may kunlariga belgilandi. Bahslarga Humo arena majmuasi mezbonlik qiladi.

Anjumanda IBA prezidenti mamlakat mas’uliyatli chempionatni yuqori saviyada o‘tkaza olishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, unda rekord darajadagi mukofot jamg‘armasi bo‘lishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Toshkent mezbonlik qiladigan musobaqada sovrin jamg‘armasi rekord darajaga ko‘tarilib, summa umumiy hisobda 5,2 million dollarni tashkil etadi. Bunda oltin medal sohiblari 200 ming, finalchilar 100 ming va bronza medali egalari 50 ming dollarga ega bo‘lishadi.

«Ishonamanki, boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati yuqori darajada o‘tkaziladi va tarixdagi eng zo‘rlaridan biri bo‘ladi. Men O‘zbekistonda bo‘lganman va u yerda musobaqalar qanday tashkil etilishini ko‘rganman. U yerdagi professionalizim va boksga bo‘lgan mehr ko‘p mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Toshkentda yangi chempionlarni ko‘rishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman» — dedi Umar Kremlyov.

MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov Toshkent «jahon boksi poytaxti» bo‘lishidan mamnun ekanligini ta’kidladi.

«Bu tasodifan bo‘lib qolgani yo‘q, O‘zbekistonda uzoq yillardan beri saqlanib kelinayotgan boy boks an’analari bunga sababdir. O‘zbekiston boks oilasi nomidan shuni aytishim mumkinki, mamlakatimiz boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha ishni qiladi», — dedi Saken Polatov.

Xabarga ko‘ra, mamlakat mezbonlik qiladigan dunyo birinchiligi Parij-2024 Olimpiadasi uchun litsenziyalar olish imkonini beradi.