8 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘iston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Beybut Atamqulovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv elchining vazirga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Vazir elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi. Rejalashtirilgan tashriflar va qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasining Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi hamda «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasida ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, sanoat, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekani ma’lum qilindi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga intilishi alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan «Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlari»ga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oxirida Qozog‘iston sobiq tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangandi. U shu paytga qadar sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri sifatida faoliyat yuritgan.