AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu mintaqa bo‘ylab safari doirasida shu hafta O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Mamlakat davlat departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Turkmaniston va Qozog‘istonni ham qamrab oladigan tashrif davomida Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinadi. Ushbu tashabbus orqali AQSh mintaqaviy savdo yo‘llari va salohiyatini mustahkamlash, malakali ishchilarni o‘qitish va tayyorlash hamda mintaqaga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun 25 million dollar mablag‘ ajratadi.

Donald Lu hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashib, boshqa masalalar qatorida ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirish, din va e’tiqod erkinligini muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Donald Lu shu yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning mamlakat rivojiga ta’siri va boshqalar muhokama qilingandi.