Chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida terroristik tashkilot a’zosi bo‘lgan erkak xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, 1995 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan X.M. xorijda mavsumiy ishlagan davrida internet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Ularning ta’sirida 2019 yilda Suriyaga borib, «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan hamda jangovar harakatlarda qatnashgan.

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Ta’kidlash lozimki, Jinoyat kodeksining 10-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga muvofiq, hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi», — deyiladi xabarda.