Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 3 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xalqaro iqtisodiy forumda O‘zbekistonning besh yildan keyin qanday bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

Amerikalik jurnalist va boshlovchi Rayan Chilkot bosh vazir o‘rinbosariga yuzlanib, savol berdi:

«Tasavvur qilamiz, men salohiyatli investorman. O‘zbekistondagi iqtisodiy forumda ikkinchi bor qatnashyapman, barchasi ajoyib o‘tdi, ayniqsa palov juda mazali edi. Ammo, men haligacha O‘zbekistonga sarmoya kiritish kerakmi yoki yo‘qmi, ishonchim komil emas. Investorlarni hozir O‘zbekistonga sarmoya kiritishga eng qulay vaqt ekanligiga ishontirish uchun yaqin 5 yil ichida mamlakatda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida nima deya olasiz?»

Jamshid Qo‘chqorov javob berishga tayyorlanayotgan vaqtda jurnalist hazilomuz tarzda «Agar shunday qiyin savollar bersam, bu mening forumdagi so‘nggi ishtirokim bo‘ladi, shekilli», deya qo‘shimcha qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston iqtisodiyoti 5 yil ichida yanada «yashilroq» bo‘lishiga umid bildirdi. «O‘sha vaqtga qadar biz barcha eski elektr stansiyalarini almashtiramiz. Ikkinchidan, davlat ulushi bo‘lgan faqatgina bitta bank qoladi. Ehtimol, unda qanchadir miqdorda muomaladagi aksiyalar bo‘lishi mumkin».

«Bilasanmi…, Rayan, seni kelasi safar taklif etmaymiz… Menga oson savollar ber, qachon tug‘ilganim, qaysi universitetni tamomlaganim haqida so‘ra», — deya javob berdi vazir olqish va zaldagi kulgi sadolari ostida.

Jurnalist ham javoban hazillashib: «Birinchi savolimda, esingizda bo‘lsa, kelasi yil nimaga kafolat bera olasiz, deb so‘ragandim. Biz esa javob oldik: men keyingi forumda bo‘lmayman» (kulib).

So‘ngra bosh vazir o‘rinbosari 2022−2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida belgilangan iqtisodiy maqsadlarga to‘xtalib o‘tdi.

«[Strategiya] barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi. Har bir soha uchun aniq maqsadlar qo‘yilgan. Biz iqtisodchimiz, shuning uchun biz birinchi navbatda yalpi ichki mahsulotga e’tibor beramiz. Maqsadimiz YAIM hajmini [besh yil ichida] — 100 milliard dollarga yetkazishdir va biz bunga erishamiz, deb umid qilamiz. Shuningdek, qashshoqlik darajasini ikki baravar qisqaradi. Aholi jon boshiga YAIM 2800 dollarni tashkil qiladi. Bu nimani anglatishini shu yerda o‘tirgan har bir kishi biladi: 100 milliard dollar — bu shunchaki chiroyli ko‘rsatkich emas», — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, joriy yilning o‘zida aholi jon boshiga YAIM 2000 dollardan oshadi.

«Bu xalqimizning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati samarasidir. Menimcha, bu ko‘rsatkichni 2800 dollarga yetkazish yaxshi natija bo‘ladi. Shundan so‘ng maqsadimiz — 4000 dollar», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda forumda qatnashayotgan xalqaro ekspertlar jalb etilgani, ularning tavsiya va ma’ruzalari inobatga olinganini qo‘shimcha qildi. «Shuning uchun men shuni aytardimki, bu bizning qo‘shma strategiyamiz. Biz shu yo‘nalishda harakat qilamiz», — deya xulosa qildi u.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida boshqa davlatlarga qaraganda ko‘proq islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p, ayrim islohotlar esa boshqalarga qaraganda sekinroq ketmoqda. Masalan, kichik korxonalarni xususiylashtirishda muvaffaqiyatga erishildi, lekin bu o‘rta va yirik davlat korxonalari hamda banklarga taalluqli emas.

«Biz buning uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borilishi kerak, lekin hozir haqiqatan ham davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish va tarkibiy o‘zgartirishga e’tibor qaratish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz», — dedi u.

Anna Berde inson kapitalini rivojlantirish loyihalari, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarini isloh qilishdagi kamchiliklarga ham to‘xtaldi.

Jahon banki vakili qayd etishicha, kam sonli davlatlar bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tib, YAIM miqdorini oshirdi va iqtisodiyotda xizmat ko‘rsatish sektori ulushini ko‘paytirmagan holda, nisbatan yuqori daromadli mamlakatga aylandi.

«Aslida, O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga nisbatan [xizmat ko‘rsatish sohasining YAIMdagi] hissasi hayratlanarli darajada past — bu taxminan 30 foizni tashkil qiladi. Yevropa va Markaziy Osiyoda bu o‘rtacha 50 foizdan ko‘proq. Hatto Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham bu ko‘rsatkich yuqoriroq», — deydi u.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Anna Berdening iqtisodiy forum arafasidagi maqolasini e’lon qilgandi. Unda JB vakilasi kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish va aholi jon boshiga daromadi o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarning yuqori qismiga kirish uchun islohotlar muvofiqlashtirilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi haqida yozgandi.