Endilikda hokim yordamchilari suhbat asosida OTMga qabul qilinishi mumkin. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga hokimning tavsiyasi bilan davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Ularning o‘qitish xarajatlari Davlat budjetidan qoplab beriladi.

Qaror loyihasini qabul qilishning zarurati sifatida, hokim yordamchilarini tayinlash jarayonida iqtisodiy bilimlarni ega bo‘lgan kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgani ko‘rsatilgan.

«Ushbu loyihaning qabul qilinishi namuna ko‘rsatib kelayotgan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilariga oliy ta’lim berish, ularni ish sifatini oshirishi hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada oshirish imkonini beradi», — deyiladi qaror tahlilida.

Qaror muhokamasi 19 noyabrga qadar davom etishi belgilangan.