7 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Jazoirning Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Bumedian Gennadni qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, uni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston — Jazoir siyosiy muloqotini jadallashtirish, shu jumladan o‘zaro tashriflarni tashkil etish, maslahatlashuvlar o‘tkazish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy sohada mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Jumladan, O‘zbekistonda avtomobil va neft-gaz sanoati, AKT, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Jazoir kompaniyalarining ishtiroki to‘g‘risida fikr almashildi.

Vazir va elchi ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni davom ettirish, shuningdek, savdo uylarini ochish masalasini o‘zaro asosda ko‘rib chiqish muhimligini ta’kidladi. Jazoirdan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlar oqimini ko‘paytirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy siyosatning qator masalalari ham muhokama qilindi.