Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz»
«Mayli, imkoniyat bermang, lekin xalaqit ham qilmang!»
O‘zbekistondagi yosh oilalar bilan suhbat

«Mayli, imkoniyat bermang, lekin xalaqit ham qilmang!» — O‘zbekistondagi yosh oilalar bilan suhbat

Bugun oila borasidagi muayyan stereotiplar o‘zgaryapti: ayol ro‘zg‘oridan ortib, tanlagan soha, kasb-korida, jamoasida yutuqlarga erishyapti, turmush o‘rtog‘i ham uni qo‘llab-quvvatlayapti. Yana yosh oilalarning ko‘pi orzu-niyatiga birgalikda – qo‘sh qanot bo‘lib, er-xotin bir yoqadan bosh chiqarib oldinga intilyapti. Ammo ikki yoshning maqsadini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarishga xalal beradigan to‘siqlar, jamiyatdagi chegaralar ancha-muncha. Buni yashirib bo‘lmaydi.

Kimdir uchun uy, mashina olish, bolasini bog‘chaga joylashtirish, o‘zi xohlagan ilmiy ishini qilish uchun topayotgan daromadi qoniqarli emas, qaysidir oila yurtdagi sharoitni orzularini amalga oshirishga mos hisoblamay, xorijga ketishni afzal biladi, taʼlim sifati pastligidan qayg‘uradi, boshqasi tanlagan sohasidagi ichki «qonun»lardan norozi. Statistika qo‘mitasining taqdim etgan maʼlumolariga ko‘ra, 2022-yilning 9 oyida 162 962 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning nikohi qayd etilgan.

«Gazeta.uz» O‘zbekistondagi bir nechta yosh oiladan bugun ularni qiynayotgan muammolar, o‘zgarishu imkoniyatlar qay darajadaligi, oila qurish to‘g‘risidagi xulosalari, kelajak rejalari haqida so‘radi.
Suhbatdoshlar haqida maʼlumot
Temur Umarov va Dilbar Umarova
Temur – 25 yosh, Dilbar esa – 26 yoshda. Ular 2022-yilda oila qurishgan.

Ikkisi ham Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan. Temur «Nextmark.uz» marketing korxonasi asoschilardan biri. Dilbar hozirda «Chex IT» kompaniyasida operatsion mutaxassis sifatida ishlaydi.
Ahror Sharif va Mahin (Mohina Nursaidova)
Ahror – 24 yosh, Mahin esa – 27 yoshda. 2021-yili turmush qurishgan.

Har ikkisi ham Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Ahror AKT vazirligi tasarrufidagi markazda ishlaydi, boʻsh vaqtlarida kitob tarjimonligi bilan shugʻullanadi. Mahin hozirda Fanlar akademiyasi PhD tayanch doktoranti hisoblanadi. Qolaversa, u «Oʻzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida» loyihasida ilmiy xodim.
Xurshid Serobov va Gulzoda Safarova
Xurshid – 27 yosh, Gulzoda esa – 24 yoshda. 2021-yili oila qurishgan.

Ikkisi ham Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini bitirgan. Xurshid Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi. Gulzoda ilgari «Madaniyat va maʼrifat» telekanalida muharrir boʻlib ishlagan.
Timur Salimov va Hilola Gʻayratova
Timur – 27 yoshda, Hilola esa – 21 yoshda. 2021-yili turmush qurishgan.

Timur 2019-yilda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetida magistraturani tamomlagan. Ayni damda «Zoʻr TV» telekanalida kreativ prodyuser, rejissyor boʻlib ishlaydi. Hilola esa Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti 3-bosqich talabasi. “The Cover Up” loyihasi final qismi ishtirokchisi.

Javohirbek Abdullayev va Dilafruz Abdullayeva
Javohirbek – 27 yosh, Dilafruz esa – 25 yoshda. 2022-yili turmush qurishgan.

Javohirbek Andijon davlat universitetini tamomlagan. U «Bon Profi Media» media xoldingida marketing boʻlimi rahbari sifatida ishlaydi. Dilafruz 2022-yili Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Toshkentdagi Webster universitetida raqamli kontent boʻyicha mutaxassis (digital content specialist) boʻlib ishlaydi.

— Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlar hayotingizga taʼsir qildimi? Yoshlar uchun eʼtibor qaysi tarafga va qanchalik oʻzgardi, sizningcha?
Dilbar Umarova

Oʻzbekiston aholisining asosiy qismi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardan tashkil topgan muhim demografik bosqichda turibdi. Kelgusi 20 yillikda bugungi yosh avlod mamlakat mehnat resurslarining asosiy kuchiga aylanadi. Ularning rivojlanishiga toʻgʻri sarmoya kiritilsa, taʼlim nisbatan yangi iqtisodiy darajaga chiqishi mumkin.


Jamiyatdagi stereotiplar, avvaldan oʻrnatilgan, bugungi voqelikka hech qanday aloqasi yoʻq anʼanalarni buzib tashlaydigan kichik, erkin fikrli yoshlar qatlami paydo boʻlgani sezilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, taʼlim platformalari orqali XXI asrning muhim va zarur yoʻnalishlari ochiq va faol ravishda targʻib qilinmoqda. Masalan, taʼlimning ahamiyati va zarurligi, chet elda oʻqish, feminizm haqida gapirish, kasbiy tajriba almashish kabilar. Fikrimcha, bu juda zoʻr! Eng muhimi, shu qadar qizgʻin voqealar orasida jasur, aqlli va goʻzal qizlarning koʻpligi meni xursand qiladi.

Temur Umarov

Savolni javobsiz qoldirdi.

реклама
реклама
Mohina Nursaidova

Savolni javobsiz qoldirdi.

Ahror Sharif

Islohotlarning natijasini internet, televizor yoki hisobotlarda aytilayotgan gaplardan emas, oddiy oʻzbekistonlik yoshlarning hayotidan qidirish kerak. Oʻzim va atrofimdagilarning hayotiga boqsam, yaxshigina ijobiy oʻzgarishlari topishim mumkin.


Misol uchun, avvallari juda koʻp viloyatlik iqtidorli yoshlar «propiska» sababli poytaxtdagi markaziy davlat idoralarida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega boʻlishmagan. Universitetni bitirib davlat ishiga kirish uchun suhbatga borganimda pasportimdagi muhrga emas, koʻproq qoʻlimdan keladigan ishga eʼtibor berilganda islohotlarning natijasini his qilganman.


Yana tengdoshlarimiz, uka-singillarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz fikrlarini bildirayotgani, loqaydlikni yigʻishtirib, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻla boshlaganini ham ijobiy jarayon deb baholasak boʻladi.

Gulzoda Safarova

Bugun yoshlarga koʻp imkoniyatlar yaratilgan. Ammo hammasi qogʻozdan amalga oʻtishi kerak. Yigit-qizlar oʻzga yurtlardan najot izlamasliklari uchun ham shunchaki tenglikka rioya etilsa boʻldi.

Xurshid Serobov

Aniq bir sohadagi islohotlar haqida fikr bildirish uchun oʻsha sohaning mutaxassisi boʻlish kerak deb oʻylayman. Faktlar bilan gapirganda hammasi oydinlashadi. Menga umumiy koʻringan manzara: hammasi yaxshi tomonga oʻzgarishi uchun harakat bor. Ammo bu harakat jadallashishi kerak. Bir maromda davom etsa ham mayli, orqaga qarab ketmasa boʻlgani.


Har bir tizimda yosh kadrlar koʻrina boshlayapti. Oʻylaymanki, juda koʻp holatlarda yoshlarga imkoniyat berish shart emas, shunchaki xalal berilmasa, bas. «Oldini qaytarma», degan gap bejiz aytilmagan. Yoshlikka «gʻoʻrlik» sifatini taqamaslik lozim deb bilaman. Bir joyda turgan suv kirlanib qoladi. Daryo doim oqib turishi kerak.

Hilola Gʻayratova

2017-yili Respublika sirk kollejiga oʻqishga kirgandim. Oʻshandan hozirgacha kuzatuvlarim asosidagi xulosalarim ijobiy.

Timur Salimov

Islohot taʼlimda koʻproq sezilyapti. Bu tizimda xususiy tarmoq kengaya boshladi. Maktablar, oʻquv markazlari, universitetlar ochilmoqda. Raqobat bor joyda, albatta, oʻsish boʻladi. Avvallari Toshkentda bu darajada koʻp oʻqiydiganlarni koʻrmas edik. Kamchiliklar yoʻq emas. Ammo jarayon shunday davom etsa, xususiylashtirish kengaysa, ular bilinmay ham ketadi.

Dilafruz Abdullayeva

Eng koʻzga koʻrinadiganlari sifatida doimiy yashash joyi – «propiska»ning yengillashtirilgani, xususiy tadbirkorlikka imtiyozlar berilayotgani, oʻquv muassasalari sonining ortishi kabilarni koʻrsatishim mumkin.

Javohirbek Abdullayev

Oxirgi 5-6 yillikda Oʻzbekistonda koʻp narsa oʻzgardi. Albatta, yaxshi va yomon tomonga. Aynan yoshlarga bilvosita taʼsir qilgan islohotlardan biri oliy taʼlimga kirish imtihonlarida ochiqdan-ochiq oʻyinlarga chek qoʻyilgani deya olaman. Boshqa tomondan, bilim darajasi yetarli boʻlmagan abituriyentlar uchun superkontrakt tizimi joriy qilinib katta xatoga yoʻl qoʻyildi. Imtihonlardan keyingi taʼlim sifati haqida gapirayotgan birinchi odam boʻlmasam kerak.


Ortga nazar tashlasak, bir necha oʻn yillar davomida oliygohlar tayyorlagan yuz minglab pedagoglar endilikda qaysidir maktabda farzandlarimizga dars oʻtmoqda. Ushbu tizimni «tozalamaslik» bizga hali ancha qimmatga tushishi mumkin. Umuman, oliy taʼlimga kirish oson, 4 yil oʻqib, kursdan qolib ketmasdan bitirib olish esa katta mashaqqat talab qiladigan tizim boʻlsagina koʻp muammolar barham topadi deb oʻylayman.

«Odamlarimiz hali tayyor emas» qabilidagi fikrlarga qanday qaraysiz?
Dilbar Umarova

Biz koʻpincha butun Oʻzbekiston va unda yashovchi odamlarni faqat poytaxt aholisining farovonligiga qarab baholaymiz. Lekin Toshkent – butun boshli mamlakat emas. Ishonchim komilki, tahririyatingizning koʻplab oʻquvchilari Maslouning «Ehtiyojlar piramidasi» haqida bilishadi. Unga koʻra, barchamizda ehtiyojlar iyerarxiyasi mavjud. Asosiy ehtiyojlar qondirilmasa, boshqa narsa haqida oʻylash qiyin. Agar ishda sizga kam maosh toʻlansa va kechasi uxlamasdan oilangizni qanday boqish haqida bosh qotirsangiz, oʻzingizni anglash haqida oʻylashingiz dargumon.


Xullas, viloyatlar, uzoq tumanlar va qishloqlarda yashovchi yurtdoshlarga «Maslou piramidasi»ga koʻra munosib hayot kechirish uchun ozgina narsa kerak. Ular sogʻlom boʻlsa, barqaror ish topsa, daromadini oilasidagilarni boqish, kiyintirish, oʻqitishga yetkizolsa, qishda gaz va chiroq uzilmasa – ulardan baxtlisini topolmaysiz.


Qisqacha aytganda, biz nimaga tayyor boʻlishimiz kerak? Sifatli taʼlimgami? Yoki munosib tibbiy yordamgami? Uyimizda oʻchmaydigan gaz va elektr energiyasi boʻlishigami? Yoki yaxshi ish sharoitlarigami? “Odamlar bunga hali tayyor emas” deganlarni shu savollar qiziqtiradimi? Katta ishonch bilan aytamanki, odamlar bunga allaqachon tayyor.

Temur Umarov

Savolni javobsiz qoldirdi.

Mohina Nursaidova

Jamiyatni ilm qutqaradi. Ilm esa kitobdan, taʼlimdan. Taʼlim sifati oshmas ekan, bilim haqida soʻz borishi ham mumkin emas. Dunyoqarashga keladigan boʻlsak, turli sohalarda izlanish, oʻzni qidirish, chet el yoshlari bilan muloqot qilish (bunda turli xalqaro konferensiyalar, oromgohlar va tadbirlar misol boʻla oladi), ilmiy kitob mutolaasini uzluksiz ravishda olib borish kerak. Odam oʻz-oʻzidan tayyor boʻlmaydi, u yoshligidan oʻsadi va unadi. Mehnat qilinmas ekan, ertaga mevasi ham tayyor boʻlmaydi.



Ahror Sharif

Toʻgʻrisini aytsam, ilgari men ham «odamlar tayyor emas» degan ideologiyaga ishonganman. Hammaga gapirish imkoni berilsa, yovvoyi bir jamiyat hosil boʻladi deb hisoblaganman. Biroq keyinchalik amin boʻldim-ki, odamlar hech qachon tayyor boʻlmaydi. Shuning uchun hech narsadan tap tortmay, «komfort zona»dan chiqib, oʻzgarishlar sari dadil qadam tashlayverish kerak ekan.


Jamiyatdagi muammolar, odamlarning fikrlashi, dunyoqarashi va bilimining yetarli darajada yaxshi emasligi haqida koʻp gapirilgan, gapirilmoqda va bundan keyin ham gapiriladi. Men bu borada jamiyatni ayblamagan boʻlardim. Misol uchun, Shimoliy va Janubiy Koreyani olaylik. Bir millat, bir mentalitet, bir geografik hududdagi odamlar dunyoqarash va bilim borasida keskin farq qiladi. Demak, masala davlat siyosati va boshqaruvi oʻrtasidagi farqqa borib taqalmoqda.


Singapurni uchinchi dunyo mamlakatidan boy va aholisi farovon davlatga aylantirgan omil ham konstruktiv boshqaruv va xalqparvar siyosat boʻlgan. Mamlakatda qoʻrquv muhiti kezib yursa va notoʻgʻri boshqaruv siyosati amalga oshirilsa, xalq xolis axborot olish imkoniyatidan toʻsilib, biqiq muhitda ihotalanib yashashga majburlansa, xalqning bilimi va saviyasi oshishini, dunyoqarashi kengayishini kutishdan umuman maʼno yoʻq.

Gulzoda Safarova

Bugun oʻzini jamiyatning bir boʻlagiman deb biladigan, fikrlarini joyiga «mixday qoqib, qalpogʻini sugʻurib oladigan» har qanday odam «bu men uchun emas» qabilida ish koʻradiganlarni bemalol izidan ergashtira oladi. Jamiyatni orqaga tortuvchi emas, aksincha, olgʻa boshlovchi fikrlarga ehtiyojimiz katta.

Xurshid Serobov

«Odamlar hali tayyor emas», degan gapni miyamizdagi lugʻatdan bemalol oʻchirib yuborsak boʻladi. Jamiyat turli toifa, turli darajadagi odamlardan tashkil topgan. Demak, umumiylik jihatidan har qanday oʻzgarishga tayyor. Chunki jamiyat qozondagi osh emas, qachon tayyor boʻlsa, suzamiz deydigan.

Hilola Gʻayratova

Bu jumla bilan biror boshlamoqchi boʻlgan ishni toʻxtatish, keyinga qoldirish yoki uni oʻzgartirib, odamlarga tushunarli boʻladi deb juda past darajada olib chiqish mutlaqo notoʻgʻri. Odamlar oʻz-oʻzidan tayyor boʻlmaydi. Tayyor boʻlishi uchun ham boshlash kerak.

Timur Salimov

Bunga qarshiman. Rosti, bu jarayonni chaqaloqni 2-3 yoshligida taglikdan tuvakka oʻrgatish boshlanishiga oʻxshataman. Bola hali tayyor emas deb tuvakka oʻtkazish choʻzib yurilaversa, u taglikda qolib ketadi. Umuman, odamlarga kerakli yangi islohot qilish yoki yangi narsani oʻrgatishdan qoʻrqish kerak emas. Agar ularga shu foyda keltirsa, bunga oʻrganadi, tayyor boʻladi.


Aytish ham, tan olish ham ogʻir – jamiyatimizda savodsizlar koʻp. Oʻqigan, uqqanlarning juda koʻpi chetga ketgan va bu jarayon hamon davom etmoqda. Oxirgi 4-5 yilda yangiliklar, islohotlar qilingani bilan dunyodan orqadaligimizni hamma biladi.


Baliq koʻlmakni dengiz deb bilganidek, koʻpchilik insonlar Oʻzbekistonni dunyo deb hisoblaydi. Hamma narsani faqatgina oʻzining qarichi bilan oʻlchaydi. Dunyoqarashni kengaytirish kerak. Buning uchun imkon qadar sayohatlarga borish, boshqa davlatlardagi odamlar bilan suhbatlashish zarur. Shunda kishi oʻzinikidan boʻlak hayotni koʻradi, taqqoslaydi, tahlil qiladi, koʻrgan qandaydir yangiliklarini Oʻzbekistonga olib keladi.

Dilafruz Abdullayeva

Aslida zamon emas, odamlar oʻzgaradi va oʻzlari oʻsha oʻzgarishlarni qabul qilishga qiynalishadi. Qabul qilish uchun esa oʻrganishga ochiq boʻlish kerak. Oddiy bankomatni ishlatishga qiynalayotgan aholiga raqamli islohotlarni tushuntirish oson emas. Buning uchun ularning oʻzi shu kabi yangiliklarga qiziqishi kerak.


Masalan, metro va avtobuslarda yurishni qulaylashtirish uchun yoʻl kartalari joriy etilgan. Ammo odamlar hamon uzundan-uzun navbatda turib, bir martalik yoʻl chiptasi olishadi. Vaholanki, yoʻl kartalarining afzalligi, ularni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomalar metro bekatlarida doim aylanadi. Biroz eʼtiborli boʻlgan kishi keyingi safar yana shunday navbatda turishdan oʻzini qutqaradi. Oʻzgarishlarni qabul qilishni, oʻrganishni istamaganlar esa jamiyatdagi kamchiliklardan nolib yuraveradi. Oʻylashimcha, dunyoqarash, fikrlash oʻzgarishi uchun avvalo maʼlumotlarni filtrlay bilish kerak. Qaysi maʼlumot ular uchun manfaatli, qaysilari esa aksincha.

Javohirbek Abdullayev

Aslida, odamlar hali tayyor emas, deb gapirayotgan inson oʻzi haqida soʻzlayotgan boʻladi. Ayni vaqtda jamiyatning fikrlashi, dunyoqarashi, ming afsuski, xursand qiladigan darajada emas. Eng boshlangʻich bilimlar boʻyicha oddiy mavzularda qiynalishadi. Aksariyatda bazaviy falsafiy tushunchalar mavjud emas. Taʼlimni isloh qilish, insonlarga kitob oʻqish foydali ekanini singdirish orqali ommani yangi darajaga olib chiqish mumkin.