BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Yuqori martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kutib oldi.

Tashrif davomida UNWTO bosh kotibi Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etadi. Shuningdek, u Samarqand turistik markazidagi «Boqiy shahar» majmuasi hamda 2023 yili Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining (UNWTO) 25-sessiyasi o‘tkaziladigan «Kongress xol»ga tashrif buyurish, infratuzilma, shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishi rejalashtirilgan, deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Bundan tashqari, «Konigil» turizm qishlog‘i hamda Samarqanddagi Turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga ham boradi. Martabali mehmon universitet talabalari uchun ma’ruza qilishi kutilmoqda.

Tashrif 7 noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yili Samarqandda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkaziladi. UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziluvchi eng muhim turistik forum hisoblanadi. Hozirga qadar BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkazilmagan.