Moliya vaziri Timur Ishmetov 3 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xalqaro iqtisodiy forumda O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin yillarda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish shartlari haqida gapirib o‘tdi.

Markaziy bank tomonidan 2022 yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida bo‘lishi, 2023 yilda esa 8,5−9,5% gacha pasayishi prognoz qilindi. Mos ravishda YAIM 5,2−5,8%, 2023 yilda 4,5−5%, 2024 yilda — 5−6% va 2025 yilda — 6−6,5% bo‘lishi kutilmoqda.

“Darhaqiqat, yil boshida bizda yaxshi o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ushbu inqiroz boshlangach biz „kamtarroq“ prognozlarga ega edik. Ammo tajribamiz shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan yillarga nazar tashlasangiz, masalan, 2020 yildan 2021 yilgacha davom etgan COVID pandemiyasi bo‘lganida, biz bu muammolarni hal qilishning eng yaxshi yo‘li — tarkibiy islohotlarimizni davom ettirish ekanligini aniqladik”, — deya qayd etdi moliya vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda “bu islohotlarsiz biror narsani amalga oshirish uchun fiskal maydon keng emas”.

“Ha, bundan uch-to‘rt yil avval qarz olishga e’tibor qaratgandik. O‘shanda dunyoda buning uchun yaxshi sharoit bor edi, degan bo‘lar edim. Biz mablag‘ jalb qila olishimiz uchun an’anaviy ravishda qarzning past darajasiga ega edik. Bundan tashqari, barcha hamkorlarimiz va investorlar qo‘llab-quvvatlashga tayyor edi. Endi biz ancha qiyin palladamiz. Global retsessiya yaqinlashayotgani, barcha [markaziy banklar] pul-kredit siyosatini qattiqlashtirayotgani, foiz stavkalarini oshirayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ochig‘ini aytganda, bizning qarzimiz ancha qimmatga tusha boshladi”, — dedi u.

Fiskal makon — davlat budjetining moliyaviy ahvoli yoki barqaror iqtisodiy holatiga xavf tug‘dirmasdan, shuningdek, o‘z milliy qonunchiligi, oliy hokimiyat organlari yoki kreditorlar (asosan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi yoki Jahon banki kabi yirik kreditorlar) tomonidan yaratilgan boshqa cheklovlarni buzmagan holda, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun resurslarni taqdim etish yoki ulardan foydalanish (shu jumladan qarz olish) imkoniyatlari.

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, global retsessiya hukumatning moliyaviy xarajatlarini cheklab qo‘yishi va ularni ushbu sharoitda o‘zlarining moliyaviy buferlarini (zahiralarini) yaratishni boshlashga majbur qiladi.

“Shunday qilib, biz asosiy e’tiborni umumiy iqtisodiy siyosatni o‘z fiskal makon va qarz olishga emas, balki xususiy pul mablag‘laridan foydalanishga yo‘naltirishga olib keladigan tarkibiy islohotlarga qaratishimiz kerak. Yaqin o‘rta muddatli istiqbolda biz xususiy pullarimizga tayanishimiz kerak — bu yagona yo‘l”, — dedi u.

Moliya vazirligi rahbari mintaqaviy inqiroz va sarmoyaviy o‘zgarishlar tufayli bu islohotlarni amalga oshirish ancha qiyinlashishini, bu esa umuman mintaqa uchun ijobiy emasligini tan oldi.

“Ammo shunday sharoitda ham biz xususiy investorlarning O‘zbekistonga kelishi va investitsiya kiritishga qiziqishiga ishonch hosil qilish uchun bu islohotlarni ilgari surishimiz kerak. Ayrim sohalarda narxlarni liberallashtirish, xususiy sektor o‘z sohasida raqobatlashishda teng imkoniyatga ega bo‘ladigan tarzda davlat sektorini o‘zgartirish borasida ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Biz [transformatsiyani] juda yaxshi xususiylashtirish dasturi va ijobiy natijalar bilan yakunlashimiz kerak”, — dedi vazir.

Agar O‘zbekiston bu islohotlarni davom ettirsa, Timur Ishmetovning ishonch bildirishicha, mamlakat iqtisodiyotining 5% va undan yuqori darajada “munosib o‘sishi"ni kutish mumkin.

“Ammo bizni 2023 yil emas, undan keyingi, 2024−2025 yillar xavotirga solmoqda. Agar islohotlarni davom ettirsak, bu o‘sishni saqlab qolamiz. Agar islohotlarni orqaga sursak va yoki kechikkan ssenariy bo‘yicha amalga oshirsak, ikkinchi va uchinchi yildan boshlab o‘sishni saqlab qolish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. Turli mamlakatlarda vaziyat har xil bo‘lishi mumkin, ammo bugungi kunda biz uchun iqtisodiyotning davlat puliga emas, xususiy mablag‘larga o‘tishini kafolatlaydigan islohotlarni davom ettirish muhim. Bu diqqatimizni qaratishimiz kerak bo‘lgan yagona yo‘ldir”, — dedi u.

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi 2022 yil boshidan buyon 1,8 foizga yoki 721,5 mln dollarga kamayib, 1 aprel holatiga ko‘ra 38,8 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2018 yilgiga qaraganda (17,2 mlrd dollar) 2,3 baravarga ko‘p. Mamlakat ko‘p marotaba tashqi qarz olishga harakat qildi, shu jumladan yevroobligatsiyalar ham chiqardi, ammo hozirgi sharoitda, dunyoning markaziy banklari pul-kredit siyosatini (foiz stavkalarini oshirish) qattiqlashtirganda, davlatlar uchun kreditlar ham qimmatlashdi.

Ma’lumot uchun, AQSh Federal zaxira tizimi asosiy stavkani yillik 3,75−4% etib belgiladi. Bu oxirgi 40 yil ichida mamlakatda kuzatilayotgan rekord darajadagi inflyatsiyaga (8,2%) qarshi ta’sir chora sifatida qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yirik iqtisodiyotlarning markaziy banklari tomonidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rag‘batlantiruvchi choralarning qisqa muddatda tugatilishi global foiz stavkalarining o‘sishiga olib keladi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi bozorda qarz olish narxining oshishiga, oltin narxining pasayishi hisobiga eksport hajmi va budjet tushumlarining ma’lum darajada kamayishiga olib kelishi mumkin.

Birinchi chorakda jahondagi beqaror geosiyosiy vaziyat davlat va xususiy sektor tomonidan qarz mablag‘larini jalb qilishning sekinlashishiga olib keldi, bu esa tashqi qarzning biroz qisqarishiga olib keldi. Shu bilan birga, hukumat davlat budjeti taqchilligi chegarasini davlat xarajatlari ko‘pligi sababli bajarmadi va deputatlardan limitni oshirishni so‘radi.

Markaziy bank keyingi yillarda YAIMning o‘sishi tarkibiy islohotlarning mantiqiy yakunlanishi, davlatning iqtisodiyotdagi rolining qisqarishi va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. 2023 yildan boshlab davlat moliyasini tartibga solishni boshlash kerak, dedi regulyator, chunki yuqori budjet taqchilligi tufayli inflyatsiya prognozlardan yuqori darajada shakllanmoqda.