Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar shaxs begona uyga kirib, uy ichida bo‘lgan yigitni do‘pposlayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan izoh berdi.

2 noyabr kuni uch kishi — Islom M. (1999 yilda tug‘ilgan), Akmal R (2000) va Fotih K. (2005) oldindan tanishi hisoblangan Daniel A. (1993) bilan o‘zaro og‘zaki janjallashib qolgan.

Shu kuni soat taxminan 21:00 larda ular Shayxontohur tumanida yashaydigan Daniel A.ning uyiga bostirib kirib, unga hujum qilgan va urib tan jarohati yetkazgan. Fotih K. mazkur jarayonni videoga olgan, so‘ng, IIBBning qayd etishicha, «layk yig‘ish maqsadida» ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgan.

Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchilar ushlangan, tergov harakatlari davom etmoqda.