Rossiya Ukraina portlaridan don va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuvdagi ishtirokini qayta tikladi, deya 2 noyabr kuni xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya don kelishuvidagi ishtirokini 30 oktabr kuni, Ukraina harbiylari Buyuk Britaniya mutaxassislari ko‘magida don koridorini qo‘riqlashga jalb etilgan Rossiya kemalariga hujum qilgani haqida bayonot bergani holda, to‘xtatgan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligining chorshanba kungi bayonotida, jumladan, shunday deyiladi: «BMTning ishtiroki, shuningdek, Turkiyaning ko‘magi bilan Ukraina tomonining Qo‘shma muvofiqlashtiruvchi markazga 2022 yil 1 noyabr kuni yo‘llangan gumanitar koridordan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqish manfaatlari yuzasidan tanlab olingan Ukraina portlaridan Rossiyaga qarshi jangovar harakatlar olib bormaslik to‘g‘risidagi yozma kafolat xatlari olindi».

«Rossiya Federatsiyasi qabul qilib olingan kafolatlar ayni vaqt uchun yetarli, deb hisoblaydi», — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Don kelishuvi qayta tiklangani haqida birinchi bo‘lib Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’lum qildi. U bu haqda Turkiyadagi hukmron partiyaning parlament fraksiyasi yig‘ilishida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Anadolu.

«RIA Novosti»ning qayd etishicha, yig‘ilishdagi chiqishi oxirida Erdo‘g‘onga qog‘ozcha uzatilgan, u qog‘ozchaga qarab, Turkiya va Rossiya mudofaa vazirlarining telefon orqali muzokaralariga asoslanib, kelishuv qayta tiklanganini e’lon qilgan.

«Mening Putin bilan kechagi muzokaralarim va mudofaa vazirimizning Shoygu bilan muzokaralaridan so‘ng, yana bir yangilik: don koridori, avval rejalashtirilganidek, soat 12:00 dan o‘z faoliyatini qayta tiklaydi», — deya Turkiya rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda agentlik. Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Erdo‘g‘on va Putinning suhbati davomli va bafurja kechganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng Turkiya prezidenti ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashgan. Suhbat chog‘i Erdo‘g‘on «Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini to‘liq tiklaydigan anglashuv asosidagi adolatli tinchlik» bilan urushga yakun yasash uchun diplomatik sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligini aytib o‘tgan.

Suhbat yakunlangach, Ukraina rahbari Twitter’da shunday xabar qoldirgan: «Don kelishuvini saqlab qolishdagi faol ishtiroki, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashdagi mustahkam qo‘llovi uchun Turkiya prezidentiga minnatdorchilik bildirdim. Ukrainalik asirlar va siyosiy tutqunlarni almashish bo‘yicha kelgusi qadamlarni gaplashib oldik. Bu masalada ham Turkiyaning qo‘lloviga tayanamiz».

Vladimir Zelenskiy keyinroq o‘z videomurojaatida BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish va Turkiya prezidentining prinsipial va ta’sirchan pozitsiyasini alohida qayd etib o‘tdi. «Rossiyaning shantaji hech bir samara bergani yo‘q», — dedi Ukraina prezidenti.

«Shu kunlarda Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan kemalar harakati, avvalo Rossiyaning don kelishuvini yo‘q qilishga qaratilgan urinishlarini qabul qilmayotgan hamkorlarning, aynan BMT va Turkiyaning prinsipialligi sharofati bilan davom etdi. Ammo don koridoriga ishonchli va uzoq muddatli himoya zarur. Rossiya bizning oziq-ovqat eksportimizni yo‘qqa chiqarishga qaratilgan har qadamga dunyo qat’iy javob berishini aniq-tiniq bilishi lozim, bu o‘n millionlab odamlar uchun hayot-mamot masalasidir», — dedi Ukraina prezidenti.