2 noyabr kuni Hyatt Tashkent Regency mehmonxonasida «O‘zsuvta’minot» AJ va BAAning Abu Dhabi Sewerage Services Company (ADSSC) kompaniyasi o‘rtasida «Toshkent viloyatida yangi suv tozalash va oqova suv inshootini qurish loyihasini ishlab chiqishni boshlash to‘g‘risida»gi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Bitimga muvofiq, ADSSC yangi obyektni moliyalashtirish, qurish va foydalanish shartlari bo‘yicha keyingi kelishuv uchun loyihaning konfiguratsiyasi va uning asosiy parametrlarini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazadi.

Loyiha doirasida Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani «Surum» MFY hududida kunlik quvvati 1 million metr kubdan ziyod bo‘lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi. Bu 3-oqova suv nasos stansiyasi, «Bektemir» va «Binokor» inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o‘zi oqar tarzda qabul qilish imkoniyatini beradi. Natijada bir kecha kunduzda 55,4 kVt elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.

Yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi.

Ma’lumot uchun, ADSSC 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, suv tozalash inshootlarini qurish va boshqarishga ixtisoslashgan ADQ davlat xolding investitsiya kompaniyasi tarkibiga kiradi.