Germaniya xalqaro agentligi — GIZning «Markaziy Osiyoda savdo tartibotlarini soddalashtirish» mintaqaviy loyihasi doirasida Davlat bojxona qo‘mitasining «Yallama» chegara bojxona postiga qiymati salkam 100 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi bojxona nazoratining texnik vositalari ajratildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan Davlat bojxona qo‘mitasida tashkil qilingan topshirish-qabul qilish tadbirida Germaniya xalqaro agentligi direktori Ioaxim Frits hamda loyiha rahbari Felitsitas Zik ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev so‘nggi yillarda ushbu tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik faol bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Taqdim etilgan yangi texnik vositalar ko‘magida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy ratsiyalar orqali o‘rnatiladigan tezkor aloqa kanali esa tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘rsatiladigan xizmatlar tezkorligini oshirish imkoniyatini beradi, deyiladi xabarda.