Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2 noyabr kuni yanvar voqealari ishtirokchilarining bir qismi ozod qilishni ko‘zda tutgan «Amnistiya to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Zakon.kz sayti Akordaga tayanib.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi avvalroq umumiy hisobda 1500 ga yaqin shaxs amnistiyaga tushishi haqida xabar bergan edi.

Qonunning asosiy maqsadi 4−7 yanvar kunlari bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar sharoitida «ig‘vogarlar ta’siriga tushib qolgan va jinoiy harakatlar sodir etgan» shaxslarni, shuningdek, yanvar voqealari paytida noqonuniy xatti-harakatlarga barham berishda jinoiy huquqbuzarliklarni sodir etgan harbiy xizmatchilar jazolash muddatlarini qisqartirish va jazoni o‘tashdan ozod qilishdan iborat.

Bundan tashqari, hujjat, jinoiy huquqbuzarliklar, kichik va o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatlar sodir etgan tartibsizliklar ishtirokchilariga nisbatan jinoyat ishlarini tugatish, bunday qilmishlar uchun aybdor deb topilgan shaxslarni jazodan ozod qilish, shuningdek, bu kabi huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslardan sudlanganlik hukmini olib tashlashni nazarda tutadi.

Og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan sudlar tomonidan tayinlangan jazo to‘rtdan uch qismga, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa ikki baravar kamaytiriladi.

Terroristik, ekstremistik, korrupsiyaga oid jinoyatlar, davlatga xiyonat qilish, qiynoqlar, jinoyatlar takrorlangan yoki xavfli takrorlangan taqdirda, ommaviy tartibsizliklar, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan amnistiya tatbiq etilmaydi.

Qasim-Jomart Toqayev 1 sentabr kuni Qozog‘iston xalqiga murojaatida amnistiya e’lon qilinishi haqida aytgan edi.