Ichki ishlar vazirligi fuqarolarga muddati tugagan biometrik pasportlarni kechiktirmagan holda identifikatsion ID-kartalarga almashtirishlarini so‘rab murojaat qildi.

Boshqarmaning eslatishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan O‘zbekiston fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz yoxud haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yashashi ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolik pasportlari o‘rnini bosuvchi ID-kartalar 2021 yil yanvaridan berila boshlangandi. 2022 yil yanvar oyidan boshlab uni Ichki ishlar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari bilan bir qatorda poytaxt va Toshkent viloyatining ayrim hududlaridagi Davlat xizmatlari markazlari orqali ham berish yo‘lga qo‘yilgandi.

ID-kartani olish uchun hech qanday maxsus hujjatlarni taqdim etish shart emas, faqat pasport, ariza va davlat bojini to‘lash kifoya.

Amaldagi fuqarolik pasporti 2030 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Ularni ID-kartalarga almashtirish 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriy, 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.