Joriy o‘quv yilidan boshlab Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tender tanlovlarini o‘tkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali boshlanmagan, deya xabar bermoqda «Yuksalish» umummilliy harakati.

«Yuksalish» cyentyabr oxirida Davlat dasturining 211-bandiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash vazifasi joyiga chiqqan holda o‘rgangan. Monitoring davomida mazkur amaliyotni yo‘lga qo‘yishda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.

Umummilliy harakat vakillarining qayd etishicha, bepul ovqat bilan ta’minlashning o‘z vaqtida tashkil etilmaganligining asosiy sabablari sifatida hukumat qarorining kech qabul qilinganligi va tasdiqlangan taomnomaga muvofiq har bir o‘quvchiga ajratilgan mablag‘ miqdori tadbirkorlarda kam qiziqish uyg‘otganligini keltirish mumkin.

«Shuningdek, mahsulotlar sifati, ularni saqlash va sanitariya talablariga rioya etish bilan bog‘liq qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim. O‘tgan o‘quv yili davomida muddati o‘tgan mahsulotlar tarqatilganligi holatlari aniqlangan va bu ota-onalarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgan», — deyiladi tashkilot xulosasida.

«Yuksalish»ning qo‘shimcha qilishicha, mintaqa maktablarida zarur infratuzilmaning mavjud emasligi ham amaliyotni to‘liq tatbiq etish imkonini bermayapti. Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati xalq ta’limi tasarrufida jami 1 275 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularning 856 tasida oshxonalar (472 ta oshxona va 384 ta bufet) mavjud. Mavjud oshxonalarning 289 tasi ta’mirtalab, 419 ta maktabda esa oshxona yoki bufet mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish jarayoni prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra 2022 yilning fevral oyida boshlangandi. Bunda 2022 yil uchun mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.