2018 yildan buyon O‘zbekistonda 198 ta maktab hududidagi qariyb 70 gektar yer noqonuniy ravishda «sotilgan». Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDePdan fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi (ma’lumotlar «Gazeta.uz»da ham mavjud).

Prezidentning 2018 yil 5 sentabrdagi (PQ-3931-son) qarori bilan umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining yer uchastkalari hamda ko‘chmas mulklarini Xalq ta’limi vazirining roziligisiz o‘zlashtirish taqiqlangan, prezident hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblar bundan mustasno.

«Hokimlarimiz bunga zid ravishda maktab yerlarini boshqalarga berib yuborish holatlari ko‘p ekan. Oddiy aytganda, maktab yerlari „sotilgan“», — deya qayd etdi parlamentariy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha holatlarning qariyb uchdan bir qismi Andijon viloyatida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 61 ta maktab 24,8 gektar maydonni yo‘qotgan. Ikkinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyati — 26 maktab va 7,75 gektar, uchinchi o‘rinni Namangan viloyati — 20 maktab va 5,52 gektar.

Sirdaryo viloyatida 15 ta maktabning 0,38 gektar, Farg‘ona viloyatida 14 ta maktabning 1,86 gektar, Surxondaryo viloyatida 11 maktabning 4,05 gektar, Toshkent viloyatida 11 ta maktabning 0,17 gektar, Samarqand viloyatida 10 ta maktabning 7,57 gektar, Buxoro viloyatida 10 ta maktabning 3,25 gektar, Qoraqalpog‘istonda 7 maktabning 7,05 gektar, Navoiy viloyatida 6 ta maktabning 3,81 gektar, Jizzax viloyatida 4 ta maktabning 3,21 gektar va Toshkentda 3 ta maktabning 0,2 gektar maydoni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib yuborilgan.

Birgina Xorazm viloyatida bunday holat kuzatilmagan. Deputatning fikricha, Xorazmda bunday ishlar prezident qarori chiqquncha bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«O‘quvchilarga sinfxonalar yetishmay, maktablarga qo‘shimcha bino qurishga yer muammo bo‘lib turgan bir vaqtda maktab yerlari talon-taroj qilinayotganini kelajakka hiyonat, deyish mumkin. Farqi shundaki, bunda maktab yerlarini talon-taroj qilgan hokimlar emas, noqonuniy topshiriqni bajargan qo‘rqoq va jur’atsiz xodimlar jazolanadi», — deya qayd etdi deputat.

2021 yil may oyida «Gazeta.uz» Andijonda yerning noqonuniy o‘zlashtirilishiga qarshi chiqqan deputat Shuhratbek Karimovning deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi. Jumladan, u 19-sonli maktab sport maydonchasi o‘rnida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joy qurilishini bekor qilishga erishdi.

O‘shanda u sobiq hokim Bahromjon Haydarovga so‘rov yo‘llab, prezidentning yuqoridagi farmoni buzilganini ko‘rsatib bergan edi. Maktab ma’muriyati va ota-onalar 570 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim dargohida 1300 bola tahsil olayotgani sababli maktab uchun qo‘shimcha bino qurishni so‘rashgan.

O‘sha oyda O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) ancha oshib ketganini yozgan edik. Agar shunday davom etsa, bu farq 2 mlnga yetishi mumkin, degan edi sobiq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Sinf xonalarining to‘lib-toshgani va ikki smenada ishlayotganini aholi sonining ko‘payishi, maktablarning 9 yillik ta’limga o‘tkazilishi (hozirda maktablarda 11 yillik ta’lim qaytgan), maktab binolarining boshqa idoralarga berilgani bilan izohladi.