Joriy yilning 25 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yil yakuniga qadar qilinadigan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor bo‘lib o‘tgandi.

Yig‘ilishda prezident nafaqat viloyat hokimi, balki bevosita tuman hokimlariga ham yuzlandi.

«Tuman hokimi odamlarni dardi bilan yashayotgan bo‘lsa, bu yil nima xato qildim degan savolni o‘ziga berib, saboq olishi kerak. Endilikda tuman hokimi barcha sohalarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligi haqida prezidentga xat yozadi. Sizlar taqdim etgan rejalarni olib, xalq noiblariga murojaatnoma tayyorlayman», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Videoselektor davomida viloyatning turizm salohiyatini oshirish maqsadida «Sahrodan muzlikkacha» turistik magistralini qurish doirasida Shahrisabzni Samarqand bilan bog‘laydigan, Chiroqchi tumani hududidan o‘tuvchi 30 kilometrlik 4K342 avtomobil yo‘li ta’mirlanishi bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi.

«Albatta, bu yo‘lni ta’mirlamasak Samarqanddagi turistlar kela olmaydi», — deb javob berdi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, «Sahrodan muzlikkacha» turizm magistral yo‘li loyihasining amalga oshirilishi qo‘shimcha ravishda 2 mln sayyohni, jumladan, 200 ming xorijiy turistni jalb etishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu loyiha asosida 2023 yilda 18 ta dam olish maskani, 3 ta ekstremal turizm markazi, 60 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi va 105 ta joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.