O‘zgidromet respublikada hafta yog‘ingarchilik bilan o‘tishini ma’lum qildi.

31 oktabr dushanba kuni mamlakat hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kunduzi +13…+18 darajani tashkil etadi, janubda va cho‘l hududlarda +19…+21 darajagacha bo‘ladi.

Noyabr oyining birinchi kuni — seshanbada respublika shimoliga nam bulutli massivlar kirib kelishi boshlanadi, buning hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va kechga tomon Xorazm viloyati bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. O‘zbekistonning qolgan hududlarida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi +2…+7, kunduz kuni +16…+21 darajani tashkil etadi, janubda va cho‘l hududlarida +23…+25 darajagacha ko‘tariladi.

Chorshanba kuni respublikaning barcha hududlari nam havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Shimoli-g‘arbiy hududlarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi harorat +12…+17 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Payshanba va juma kunlari respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Ushbu kunlarda harorat kechalari +5…+10, kunduz kunlari +12…+17 darajani tashkil etadi.

31 oktabrdan 2 noyabrgacha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi ehtimoli bor.