Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov hafta davomida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ko‘plab uchrashuv, muhokama va tadbirlar bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Bu haqda uning so‘zlariga tayanib, «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Dushanba kuni ertalab Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qo‘llab quvvatlash masalasida prezidentga hisobot berdi. Kunning ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.

Shuningdek, mazkur hafta davomida:

  • iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o‘rganish natijalari yuzasidan muhokama;
  • mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis;
  • odil sudlovni ta’minlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Sherzod Asadov boshlangan haftada tashqi siyosiy masalalarda ham qator tadbirlar borligini alohida qayd etdi.

1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar istiqboli, savdo-iqtisodiy, energetika yo‘nalishidagi hamkorlik muhokama qilinadi va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

3 noyabr kuni esa davlat rahbarining BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuv o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.