Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil 1 oktabr holatiga ipoteka kreditlari qoldig‘i 43,2 trln so‘mni tashkil etib, 2021 yilning mos davriga nisbatan qariyb 32 foizga (10,4 trln so‘mga) o‘sgan bo‘lsa, 2022 yil 9 oyi davomida 53 541 nafar fuqaroga ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (2021 yil 9 oyi davomida 41 932 nafar fuqaroga 6,1 trln so‘m) 68 foizga yoki 4 193,1 mlrd so‘mga oshib, 10,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Shundan, Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan 41 245 nafar fuqaroga 7,6 trln so‘m hamda bank o‘z mablag‘lari hisobidan 11 351 nafar fuqaroga 2,6 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.

Mazkur davrda ajratilgan jami ipoteka kreditlarining 8 trln so‘mi yoki 76 foizi (nafarga nisbatan) birlamchi bozordagi uylarga, 2,3 trln so‘mi yoki 24 foizi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo‘naltirilgan. Ushbu kreditlarning 41 foizi (21 725 nafar) xotin-qizlar hisobiga to‘g‘ri keladi.


E’tiborlisi, banklar o‘z mablag‘i hisobidan ajratgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 9 oyda 25,2 foizni (2 608,8 mlrd so‘m) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (654,1 mlrd so‘m, jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 11 foiz) 299 foizga yoki 4 barobarga oshgan.

Jumladan III chorak yakuni bo‘yicha «Qishloq qurilish invest» IK hamda «O‘zshahar qurilish invest» IK tomonidan qurilgan uylarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 16,5 foizni (1 705,4 mlrd so‘m) tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 23 foiz (1 412,5 mlrd so‘m) bo‘lgan bo‘lsa, mazkur davrda aholini uy-joy bilan ta’minlashning bozor tamoyillariga asoslangan «Yangi tartib» doirasida ajratilgan ipoteka kreditlarining ulushi 46,5 foizdan (2 861,5 mlrd so‘mga) 57 foizga (5 898,7 mlrd so‘mga) oshdi.

Hududlar kesimi bo‘yicha tahlil qilinganda, 1 oktabr holatiga ajratilgan ipoteka kreditlarining 61 foizi 5 ta hududlar hissasiga to‘g‘ri kelib, bunda 30,7 foizi (3 175,8 mlrd so‘m) Toshkent shahri, 8,4 foizi (869,6 mlrd so‘m) Farg‘ona, 8,2 foizi (847,3 mlrd so‘m) Samarqand, 7,3 foizi (755,1 mlrd so‘m) Andijon hamda 6,3 foizi (648,8 mlrd so‘m) Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarga ajratilgan.

O‘tgan 9 oyda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari hisobiga sotib olingan uy-joylarning o‘rtacha narxlari tahlil qilinganda, xonadonlarning nisbatan balandroq narxi Toshkent shahrida (463,8 mln so‘m), Andijon (311 mln so‘m), Surxondaryo (297,1 mln so‘m) va Samarqand (296,6 mln so‘m) viloyatlarida shakllangan bo‘lsa, nisbatan past narxlar Xorazm viloyati (194,5 mln so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (200,7 mln so‘m) va Qashqadaryo viloyatida (224 mln so‘m) kuzatildi.

Respublika miqyosida hududlarda birlamchi bozordagi uy-joylar sotilishining o‘rtacha narxlari 2022 yil sentabr oyi uchun tahlil qilinganda, kvartiralarning 1 kv.metri uchun o‘rtacha narxlari Toshkent shahrida (9,4 mln so‘m), Samarqandda (8,3 mln so‘m) va Toshkent viloyatida (5,8 mln so‘m) nisbatan eng yuqori narxlar bo‘lsa, Xorazm (3,1 mln so‘m) Jizzax (3,7 mln so‘m), Sirdaryo (3,7 mln so‘m) viloyatlarida nisbatan past narxlar kuzatildi.

Ikkilamchi bozordagi ko‘chmas mulk uchun eng qimmat narxlar 1 kv. m uchun Toshkent shahri (9,7 mln so‘m) va Samarqand (6,4 mln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, ipoteka kreditlarining 21 foizi (2 347,6 mlrd so‘m) 18−30 yoshgacha, 70 foizi (7 149,7 mlrd so‘m) 31−50 yoshgacha, 9 foizi (845,1 mlrd so‘m) esa 50 yoshdan yuqori fuqarolarga ajratilgan.

Kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha «Ipoteka bank» tomonidan 641,1 mlrd so‘m (jami so‘ndirilgan ipoteka kreditlarining 24,4 foizi) so‘ndirilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich «Qishloq qurilish bank»da 574,9 mlrd so‘mni (21,9 foiz), «Milliy bank»da 316,7 mlrd so‘mni (12,1 foiz), «O‘zsanoatqurilish banki»да 230,3 mlrd so‘mni (8,8 foiz) tashkil etmoqda.